Mirziyoyev qo‘shni davlat tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashib, savdo, energetika, transport va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvlar 19-oktabr kuni Samarqandda «C5+1» formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Tojikiston bilan savdo va suv xo‘jaligi
Mirziyoyev Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddinni qabul qildi. Uchrashuv avvalida vazir Tojikiston prezidenti Emomali Rahmonning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. O‘zaro savdo va yuk tashish hajmi ortib borayotgani, energetika, sanoat, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi kooperatsiya loyihalari faol bosqichga kirgani qayd etildi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalar, ta’lim va turizm sohalaridagi almashinuvlarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Qirg‘iziston bilan energetika va transport loyihalari
O‘zbekiston prezidenti Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bilan ham uchrashdi. Vazir Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muzokaralarda joriy yil iyul oyida Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, yirik korxonalar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari, energetika va transport sohalaridagi mintaqaviy loyihalar ijobiy baholandi. Kelgusi yilga mo‘ljallangan madaniy-gumanitar tadbirlar va hududlararo almashinuvlar rejasini qabul qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Qozog‘iston bilan strategik sheriklik
Mirziyoyev Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdini ham qabul qildi. Uchrashuvda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va ezgu tilaklari yetkazildi.
Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, ikki davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Prezident administratsiyalari, parlamentlar, hukumatlar, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi faol aloqalar qayd etildi. Savdo hajmi izchil ortib borayotgani, sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, qurilish va ekologiya sohalarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuvlarda tomonlar Markaziy Osiyodagi hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Samarqandda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan uchrashgandi.