
Qozog‘istonlik Dastan Satpayev va o‘zbekistonlik Abduqodir Husanov Angliya futbolida faoliyat yuritayotgan Markaziy Osiyoning eng ko‘zga ko‘ringan yosh futbolchilaridan. Sports24.kz nashri ikki o‘yinchining imkoniyatlari va transferini taqqosladi.
Satpayevning yo‘li «Qayrat»dan boshlandi
Dastan Satpayev 2008-yil 12-avgustda tug‘ilgan. U professional faoliyatini Olmaotaning «Qayrat» klubida boshlagan va 15 yoshida asosiy jamoada debyut qilgan.
Keyinchalik u klub safida 58 ta o‘yinda 26 ta gol urib, Qozog‘iston futbolining eng istiqbolli hujumchilaridan biriga aylandi. Satpayev Chempionlar ligasida ham tajriba orttirdi.
2025-yil noyabrida Belgiya terma jamoasiga qarshi gol urib, Qozog‘iston milliy jamoasi tarixidagi eng yosh gol muallifiga aylandi.
«Chelsi» uni 2033-yilgacha bog‘ladi
2026-yil 14-avgustda «Chelsi» Satpayev transferini rasman e’lon qildi. London klubi qozog‘istonlik hujumchi bilan 2033-yilgacha mo‘ljallangan uzoq muddatli shartnoma imzoladi.
Biroq futbolchi ilk mavsumini «Byornli»da ijara asosida o‘tkazmoqda. Hozircha u oltita uchrashuvda — beshta chempionat va bitta Liga kubogi bahsida maydonga tushgan.
U hali gol yoki assist qayd etmagan. Sentabrda sonning orqa mushagidan jarohat olib, bir nechta o‘yinni o‘tkazib yubordi, oktabrda esa yana maydonga qaytdi.
Husanovning yo‘li Belarusdan «Manchester Siti»gacha
Abduqodir Husanov 2004-yil 29-fevralda Toshkentda tug‘ilgan. U Yevropa futbolidagi faoliyatini 2022-yilda Belarusning «Energetik-BGU» klubida boshlagan.
Bir yil o‘tib Fransiyaning «Lans» klubiga o‘tdi. Liga 1’dagi o‘yinlari orqali Husanov Yevropaning yirik klublari e’tiborini tortdi.
2025-yil yanvarida «Manchester Siti» uni taxminan 40 mln yevroga sotib oldi.
Angliyadagi moslashuv oson kechmadi
Husanovning Angliyadagi dastlabki davri silliq o‘tmadi. Shunga qaramay, u keyinchalik asosiy tarkib uchun kurashadigan futbolchiga aylandi.
2025/26-yilgi mavsumda Husanov barcha musobaqalarda 37 ta uchrashuvda qatnashdi. Manbaga ko‘ra, u «Manchester Siti» bilan Angliya kubogi va Liga kubogini qo‘lga kiritdi.
2026-yil yozida klub uning shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirdi. Joriy mavsumda ham Husanov Premyer-liga va Chempionlar ligasida o‘yin amaliyotiga ega bo‘lib kelmoqda.
Transfer summalari orasida katta farq bor
Ikki futbolchining transfer qiymatlari ham ularning faoliyatidagi bosqichlar qanchalik farqli ekanini ko‘rsatadi.
«Chelsi» Satpayev uchun «Qayrat»ga bonuslar bilan birga taxminan 4 mln yevro to‘lagan. Bu Qozog‘iston futboli tarixidagi rekord savdolardan biri bo‘lgan.
«Manchester Siti» esa Husanov uchun «Lans»ga qariyb 40 mln yevro to‘lagan. Ya’ni, o‘zbekistonlik himoyachining transfer summasi Satpayevnikidan taxminan o‘n baravar yuqori bo‘lgan.
Biroq bu farq futbolchilarning o‘sha vaqtdagi holati bilan bog‘liq. Husanov transfer oldidan Liga 1 tajribasiga ega edi, Satpayev esa hali juda yoshligidayoq «Chelsi» tomonidan kelajak uchun investitsiya sifatida sotib olingan.
Ularning vazifasi ham turlicha
Satpayev hujumchi sifatida, avvalo, gollar va samarali harakatlar bilan baholanadi. Husanov esa markaziy himoyachi bo‘lgani uchun uning o‘yindagi hissasi to‘p uchun kurash, pozitsion himoya, uzatmalarni to‘sish va raqib hujumlarini bartaraf etish bilan o‘lchanadi.
Shu sababli ularni faqat gol va assist bo‘yicha taqqoslash to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanovning raqobatdoshi «Barselona» klubining nishoniga aylangani haqida yozgan edi.