Investorlar uchun Plug and Play tizimi joriy etiladi

eʼlon qilindi
2035-yilgacha hamkorlik dasturi ishlab chiqilishi mumkin
2025-yilda O‘zbekistonga investitsiyalar hajmi 24 foizga oshdi
Foto: depositphotos

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-oktabr kuni Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishida AQSh investorlariga O‘zbekistonda biznes boshlashni soddalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shu maqsadda Plug and Play tamoyiliga asoslangan yangi yondashuv joriy etiladi.

Investorlar uchun yer, infratuzilma, ruxsatnomalar va hujjatlar masalasi oldindan hal qilingan tayyor loyihalar taklif qilinadi. Mahalliy tadbirkorlar ham loyihalarda sherik sifatida qatnashishi va investitsiya xatarlarining bir qismini o‘z zimmasiga olishi mumkin. Yangi tashkil etilgan To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi ham bunday loyihalarda ishtirok etadi.

AQSh biznesi bilan yangi loyihalar kengaytiriladi

Yig‘ilishda AQSh Davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor, shuningdek, Amerika kompaniyalari va banklari vakillari ishtirok etdi.

Prezident O‘zbekistonda Amerika sarmoyasi ishtirokidagi yuzlab kompaniyalar faoliyat yuritayotganini, hamkorlik sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va yangi texnologiyalarni qamrab olayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekiston kompaniyalari ham AQSh iqtisodiyotiga investitsiya kiritishni boshlayotgani qayd etildi.

Muhim minerallar va sun’iy intellekt ustuvor yo‘nalish bo‘ladi

Hamkorlikni kengaytirish uchun bir nechta yo‘nalishlar istiqbolli deb ko‘rsatildi.

Ular orasida muhim minerallarni qazib olish va chuqur qayta ishlash, yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarish, zamonaviy energetika tizimini rivojlantirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari tashkil etish bor.

Shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va davlat boshqaruviga sun’iy intellekt hamda raqamli yechimlarni joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, o‘qing: AQSh O‘zbekiston bilan $12 mlrdlik kelishuv imzoladi

2035-yilgacha hamkorlik dasturi ishlab chiqilishi mumkin

Yana bir vazifa sifatida ikki davlat o‘rtasida yangi sanoat va texnologik markazlarni birgalikda yaratish belgilandi.

Prezident Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini uzoq muddatli iqtisodiy sheriklikning strategik mexanizmiga aylantirish kerakligini aytdi.

Shu munosabat bilan 2035-yilgacha savdo, investitsiya va texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Amerika–O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi doirasida imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Marko Rubio va Serjio Gorni davlat mukofotlari bilan taqdirlagani haqida xabar berilgandi. Mirziyoyev AQSh Davlat kotibi Marko Rubioni «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gorni esa «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. 

Shuningdek