Perfectum’ni sotib olayotgan VEON’ga talablar qo‘yildi

eʼlon qilindi
Amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflari 12 oy davomida saqlanishi, internetning tezligi esa 300 Mbit/s dan pasaymasligi belgilangan
Foto: trismegist@yandex.ru/Depositphotos

VEON kompaniyalar guruhiga kiruvchi VEON UZB Holding Ltd kompaniyasiga O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida faoliyat yurituvchi Rubicon Wireless Communication AJning 100 foiz aksiyalarini sotib olish uchun oldindan rozilik berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi bitimga bir qator shartlar asosida rozilik berdi. Unga ko‘ra, Perfectum kamida uch yil davomida alohida faoliyat yuritishi va 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarda ham kengaytirishi kerak.

Shuningdek, amaldagi abonentlar uchun 5G FWA tariflari 12 oy davomida saqlanishi, internetning o‘rtacha tezligi esa 300 Mbit/s dan pasaymasligi belgilangan. Yangi abonentlarga ham qulay shartlar taklif etilishi lozim.

Bitim shartlariga ko‘ra, abonentlarni Beeline yoki VEON guruhiga tegishli raqamli platformalardan foydalanishga majburlash, boshqa mobil operatorlarga o‘tish erkinligini cheklash va xizmat ko‘rsatish shartlarini asossiz yomonlashtirish mumkin emas.

Bundan tashqari, kompaniya abonentlarning shaxsiy va tijorat ma’lumotlarini himoya qilishi, ulardan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmasligi hamda qonunchilikka zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmasligi kerak.

Raqobat qo‘mitasining oldindan rozilik berishi aksiyalarni sotib olish bitimi yakunlanganini anglatmaydi.

Avvalroq xalqaro telekommunikatsiya guruhi VEON O‘zbekistonda Perfectum brendi ostida ishlaydigan Rubicon Wireless kompaniyasining 100 foiz ulushini taxminan 207 mln dollarga sotib olishga kelishgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek