Fransiyadagi «ur-sur»lar sabab PSJ — «Barselona» o‘yini qoldiriladimi

eʼlon qilindi
Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunez bu masalaga alohida to‘xtaldi
Foto: Ilpost.it

Fransiyada dam olish kunlari yuz bergan zo‘ravonlik va talon-toroj holatlariga qaramay, Parijning «Park de Prens» stadionida PSJ va «Barselona» o‘rtasidagi Chempionlar ligasi uchrashuvi belgilangan vaqtda o‘tkaziladi. Bu haqda Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunez ma’lum qildi.

O‘yinda xavfsizlik choralari kuchaytiriladi

20-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan uchrashuv oldidan Fransiya hukumati yuqori darajadagi xavfsizlik choralarini ko‘rmoqda. Mamlakatda bir necha haftadan beri davom etayotgan talabalar namoyishlari dam olish kunlari zo‘ravonlik, yong‘inlar va do‘konlarning talon-toroj qilinishi bilan yakunlangan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar oqibatida mamlakat bo‘ylab 2 mingdan ortiq kishi hibsga olingan. Namoyishchilar shahar hokimliklari, boshqa davlat binolari va yuzlab savdo obyektlariga zarar yetkazgan.

Fransiya bosh vaziri Sebastyan Lekornu yangi tartibsizliklarning oldini olish uchun ayrim shaharlarda mahalliy va cheklangan komendantlik soati joriy etishni topshirgan. Hukumat zarurat tug‘ilsa, favqulodda holat e’lon qilish imkoniyatini ham ko‘rib chiqishi mumkin.

Hukumat futbol uchrashuvlarini bekor qilmaydi

Loran Nunez hukumat vakillari bilan o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishdan keyin futbol uchrashuvlarini bekor qilish ehtimoli ham muhokama qilinganini aytdi. Biroq uning ta’kidlashicha, bu qaror PSJ va «Barselona» o‘rtasidagi bahsga taalluqli emas.

Vazir shu hafta Yevropa musobaqalari doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan boshqa futbol uchrashuvlari ham belgilangan tartibda bo‘lib o‘tishini bildirdi. Jumladan, 21-oktabr kuni Lill shahrida «Lill» va «Galatasaray» o‘rtasidagi o‘yin ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ichki ishlar vaziri Loran Nunezning iste’fosini qabul qilmagan. Nunez yakshanba kuni iste’foga chiqishni taklif qilgan edi. Makron undan tartibsizliklar oldidan xavfsizlikni rejalashtirish va razvedka ma’lumotlarini yig‘ishdagi kamchiliklarni ochiq tekshirishni talab qilgan.

Avvalroq Fransiyada namoyishlar va tartibsizliklar ortidan Parijning ayrim hududlarida komendantlik soati joriy etildi, dunyodagi eng mashhur muzeylardan biri — Luvr esa vaqtincha yopilgandi.

Shuningdek