Odilxon Kamolov haqida qiziqarli beshta fakt

O‘zbekistonlik MMA jangchisi Odilxon Kamolov oktagondagi faoliyati, shov-shuvli janglari va sportdan tashqaridagi hayoti bilan ham muxlislar e’tiborini tortib keladi. Quyida sportchi haqida manbalarga asoslangan beshta qiziqarli faktni jamladik.
«Tramplin» laqabi bilan tanilgan
Odilxon Kamolov MMA muxlislari orasida «Tramplin» laqabi bilan ham tanilgan. Sportchi faoliyati davomida Markaziy Osiyodagi turli promoushenlarda jang qilgan va ayniqsa, Octagon ligasidagi chiqishlari orqali kengroq auditoriyaga tanilgan.
2025-yilda Kamolov Octagon bilan beshta jang uchun shartnoma imzolaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oddiy jang uchun $2,5 ming, g‘alaba uchun yana $2,5 ming gonorar belgilangan. Trilogiya janglari uchun esa bu summa $3 ming + $3 ming ko‘rinishida bo‘lgan.
Qozog‘istonlik mashhur jangchini muddatidan oldin yenggan
Kamolovning eng ko‘p muhokama qilingan janglaridan biri qozog‘istonlik Erkebulan Toktarga qarshi kechgan.
2022-yil iyulida Olmaotada o‘tkazilgan Octagon 33 turnirida Kamolov uchinchi raundda raqibining qo‘lini og‘ritish usuliga olib, muddatidan oldin g‘alaba qozongan. Ushbu jang o‘sha kechaning co-main event bahslaridan biri bo‘lgan.
Kamil Karate bilan trilogiya o‘tkazgan
Kamolovning yana bir uzoq davom etgan sport raqobati tojikistonlik Qamariddin Hasanov, ya’ni Kamil Karate bilan bog‘liq.
2026-yil iyun oyidagi Octagon 88 turnirida ular uchinchi bor oktagonda to‘qnash kelgan. Ushbu trilogiyaning navbatdagi jangi durang bilan yakunlangan. O‘sha paytda Kamolovning qayd etilgan rekordi 10 g‘alaba, 5 mag‘lubiyat va 1 durang ko‘rinishida edi.
Professional boksda ham jang qilgan
Kamolov faqat MMA bilan cheklanib qolmagan. 2026-yil yanvarida Samarqandda o‘tkazilgan professional boks oqshomida u Sherxon Rahmatovga qarshi ringga chiqqan.
Jang uchinchi raundda yakunlangan: Rahmatovning burchagi ringga sochiq tashlagach, g‘alaba Kamolovga berilgan. Bu bahs Shohjahon Ergashev ishtirok etgan boks oqshomining asosiy janglaridan biri bo‘lgan.
Qozog‘istonga kuyov bo‘lgan
Kamolovning shaxsiy hayotidagi qiziqarli voqealardan biri ham Qozog‘iston bilan bog‘liq. 2026-yil oktabrida sportchi qozog‘istonlik qizga uylanganini ma’lum qildi.
Kamolov avval ko‘plab qozog‘istonlik jangchilar bilan bahslashgani, u yerdagi muxlislarning tanqidlariga duch kelgani, biroq bir kun kelib Qozog‘istonga kuyov bo‘lishini o‘ylamaganini yozgan. Uning nikohi ortidan Erkebulan Toktar ham sportchini tabriklagan.
Kamolovning so‘nggi janglaridan biri 2026-yil 10-sentabr kuni Buxoroda Dias Erjanovga qarshi bo‘lgan. U raqibini birinchi raunddayoq og‘ritish usuli bilan taslim ettirgan va shu tariqa Alash Pride’dagi debyutini g‘alaba bilan boshlagan.