Ronaldu Messini katta farq bilan ortda qoldirdi

«Oltin to‘p» tarixidagi eng yaxshi individual mavsumni aniqlashga qaratilgan B.O.A.T. ovoz berishida Krishtianu Ronaldu katta ustunlik bilan yetakchilik qilmoqda. Uning 2008-yildagi mavsumi hozircha ovozlarning 62 foizini to‘plagan.
«Oltin to‘p» tarixining 70 yilligiga bag‘ishlangan B.O.A.T. – Best Of All Time ovoz berishida Krishtianu Ronaldu boshqa nomzodlardan katta farq bilan oldinda bormoqda. Bu haqda MARCA xabar berdi.
Ovoz berishda sovrinni faoliyati davomida kamida ikki marta qo‘lga kiritgan futbolchilarning alohida mavsumlari qatnashmoqda.
Ronaldu 62 foiz ovoz bilan yetakchilik qilmoqda
Hozirgi natijalarga ko‘ra, Ronaldu 2008-yildagi mavsumi uchun jami ovozlarning 62 foizini olgan.
O‘sha mavsumda portugaliyalik futbolchi «Manchester Yunayted» safida o‘ynab, Angliya Premyer-ligasi va Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan. Aynan shu yilgi o‘yinlari unga faoliyatidagi ilk «Oltin to‘p»ni olib kelgan.
Ronaldu nomzod sifatida boshqa mavsumlari bilan ham ovoz olmoqda. Uning 2007-yildagi versiyasi 7 foiz, 2016-yildagi mavsumi esa 2 foiz ovoz to‘plagan.
Messi ikkinchi o‘rinda
Lionel Messining 2012-yildagi mavsumi 13 foiz ovoz bilan ikkinchi o‘rinda turibdi. Argentinalik futbolchi o‘sha yili bir kalendar yilida 91 ta gol urib, rekord o‘rnatgan edi.
Messining 2023-yildagi mavsumi esa 9 foiz ovoz olgan.
Manbada qayd etilishicha, Messi qo‘lga kiritgan «Oltin to‘p»lar soni ko‘p bo‘lgani sababli uning ovozlari turli mavsumlar o‘rtasida bo‘linib ketmoqda.
Ovoz berish pulli va cheklanmagan
Mazkur ovoz berish an’anaviy «Oltin to‘p»dan farq qiladi. Asosiy sovrin xalqaro jurnalistlar hay’ati tomonidan aniqlansa, B.O.A.T. loyihasida barcha muxlislar qatnashishi mumkin.
Har bir ovozning narxi 1 yevro etib belgilangan. Bir foydalanuvchi istalgancha ovoz berishi mumkin.
Ovoz berish 26-oktabr kuni Londonda bo‘lib o‘tadigan gala arafasidagi yarim tungacha davom etadi.
Ronaldu yana bir tarixiy marraga yaqinlashmoqda
Ronaldu hozirda 1 000 ta rasmiy gol marrasiga ham yaqinlashib bormoqda. MARCA ma’lumotiga ko‘ra, portugaliyalik futbolchi faoliyati davomida 1 300 dan ortiq uchrashuvlarda 980 dan ziyod gollar urgan.
Messi esa 1 100 dan ortiq rasmiy uchrashuvda 935 dan ko‘proq gol qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ronaldu 30 kunga diskvalifikatsiya qilingani haqida yozgan edi.