O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi endi Bruney Sultonligida ham faoliyat yuritadi

O‘zbekistonning Bruney Sultonligidagi elchisi Karomiddin Gadoyev mamlakat Sultoni Hassanal Bolkiahga ishonch yorlig‘ini topshirdi. Diplomatning qarorgohi Kuala-Lumpur shahrida joylashgan. Karomiddin Gadoyev ayni paytda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi hisoblanadi. Endi u Bruney Sultonligida ham o‘rindoshlik asosida O‘zbekiston elchisi sifatida faoliyat yuritadi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ikki tomonlama hamkorlik muhokama qilindi
Tantanali marosimdan keyingi suhbatda O‘zbekiston va Bruney Sultonligi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tashrif davomida Gadoyev Bruney tashqi ishlar vaziri shahzoda Abdul Matiyn va ikkinchi tashqi ishlar vaziri Erivan Yusof bilan ham uchrashdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.
Gadoyev Malayziyada ham O‘zbekistonning elchisi
Karomiddin Gadoyev 2023-yil noyabrdan buyon O‘zbekistonning Malayziyadagi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida faoliyat yuritmoqda. Bungacha u Tashqi ishlar vazirligida BMT va boshqa xalqaro siyosiy tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘nalishida ishlagan.
Avvalroq «Kursiv» Shvetsiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi akkreditatsiyadan o‘tgani haqida yozgan edi.