2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tadi

eʼlon qilindi
Arizani onlayn topshirish mumkin bo‘ladi
2030-yildan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari davlat ro‘yxatidan o‘tadi
Foto: Pexels

Hukumatning 2026-yil 19-oktabrdagi 577-son qarori bilan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Yangi tartibga ko‘ra, 2030-yil 1-yanvardan boshlab tibbiyot va farmatsevtika sohasida ishlash huquqi faqat muayyan mutaxassislik bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslarga beriladi.

Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan shaxsning tegishli mutaxassislik bo‘yicha tibbiy yoki farmatsevtika kasbiy faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

Ro‘yxatdan o‘tish muddati besh yil bo‘ladi

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi besh yil muddatga beriladi.

Kasbiy faoliyatni davom ettirish uchun xodimlar har besh yilda qayta davlat ro‘yxatidan o‘tishi kerak bo‘ladi.

Vakolatli organ etib Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi belgilandi.

2027-yildan o‘tish jarayoni boshlanadi

2027-yil 1-iyuldan 2030-yil 1-yanvarga qadar davlat ro‘yxatidan o‘tish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.

Xodimlar maxsus imtihon natijalariga ko‘ra yoki malaka toifasini berish jarayonida avtomatik ravishda davlat ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

Shu tariqa 2030-yilgacha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga yangi tizimga bosqichma-bosqich o‘tish imkoniyati beriladi.

20 yillik tajribaga ega ayrim mutaxassislar imtihon topshirmaydi

Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 20 yillik ish stajiga va ilmiy darajaga ega tibbiyot hamda farmatsevtika xodimlari maxsus imtihonsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi.

Biroq murojaat qilgan sanagacha o‘z mutaxassisligi bo‘yicha uch yil yoki undan ortiq vaqt davomida uzluksiz kasbiy faoliyat olib bormagan xodimlarga bu imtiyoz tatbiq etilmaydi.

Arizani onlayn topshirish mumkin bo‘ladi

Davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun Davlat xizmatlari markazi, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki Tibbiy malaka platformasi orqali murojaat qilish mumkin.

Elektron arizalar dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, sutka davomida yuborilishi mumkin.

Vakolatli organ so‘rovnomani besh ish kuni ichida ko‘rib chiqib, talabgorni maxsus imtihonga qo‘yish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi.

Guvohnoma faqat elektron shaklda beriladi

Davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxsga guvohnoma elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

Uni Tibbiyot va farmatsevtika mutaxassislarining yagona elektron reyestri orqali tekshirish mumkin bo‘ladi. Guvohnomaning qog‘oz shaklidagi asl nusxasi yoki dublikati berilmaydi.

Qaror uch oydan keyin kuchga kiradi

577-son hukumat qarori rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Shu bilan birga, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan faqat davlat ro‘yxatidan o‘tgan shaxslar shug‘ullanishi haqidagi talab 2030-yil 1-yanvardan amalda qo‘llanadi.

Avvalroq «Kursiv» o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlariga Chexiya, Slovakiya va Polshada ish taklif qilinayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek