Mirziyoyev bolalar farovonligi bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surdi

eʼlon qilindi
Bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravar kamaygan
Mirziyoyev bolalar farovonligi bo‘yicha yangi takliflarni ilgari surdi
Rasm: prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandda o‘tkazilayotgan «Bolalar farovonligiga investitsiya: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» butunjahon sammiti ishtirokchilariga murojaat qildi. Davlat rahbari bolalar salomatligi, ta’limi, raqamli xavfsizligi va ularni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni taklif etdi.

Prezident O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish, maktabgacha ta’limni kengaytirish va ijtimoiy xizmatlarni oilalarga yaqinlashtirish bo‘yicha islohotlar davom etayotganini ta’kidladi.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, tug‘uruq jarayonidagi onalar o‘limi va bolalarning o‘sishdan ortda qolishi ikki baravar qisqargan. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27,7 foizdan 78 foizgacha oshgan, olti yoshli bolalarning qariyb 100 foizi maktabga tayyorlovga jalb etilgan.

Oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 45 foizgacha ko‘tarilgan. So‘nggi besh yilda bolalar kambag‘alligi qariyb to‘rt baravar kamaygani qayd etildi.

Inklyuziv maktablar soni besh baravar oshgan

Keyingi ikki yil davomida O‘zbekistonda inklyuziv maktablar soni besh baravar ko‘paygan.

Nogironligi bo‘lgan bolalarning 85 foizdan ortig‘i ta’lim xizmatlariga jalb etilgan. Shuningdek, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning barchasi oilaviy muhitda tarbiyalanayotgani bildirildi.

Prezident bolalar uchun yaratilayotgan sharoitlarning natijasi har bir oila hayotida sezilishi kerakligini ta’kidladi.

Bolalar onkologiyasi bo‘yicha hamkorlik taklif qilindi

Shavkat Mirziyoyev bolalardagi og‘ir kasalliklarni erta aniqlash va davolash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini aytdi.

Xususan, bolalar onkologiyasi bo‘yicha mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, tashxis imkoniyatlarini yaxshilash va sifatli dori vositalaridan foydalanishni kengaytirish taklif etildi.

Davlat rahbari Birinchi xonimlarning bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro hamkorlik tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini ham bildirdi.

Kiberbullingga qarshi hamkorlik kuchaytiriladi

Sammit doirasida bolalar uchun xavfsiz ta’lim va raqamli muhit yaratish ham ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi.

Prezident kiberbulling, ekspluatatsiya va shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanishga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, bolalar, ota-onalar va pedagoglar uchun raqamli savodxonlik bo‘yicha amaliy yordamni kengaytirish taklif qilindi.

Samarqand platformasi tashkil etilishi mumkin

Shavkat Mirziyoyev bolalar farovonligi bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish uchun Samarqand platformasini amaliy muloqot mexanizmiga aylantirishni taklif etdi.

Platforma samarali tajribalarni almashish, qo‘shma loyihalar tayyorlash va erishilgan natijalarni muhokama qilishga xizmat qilishi mumkin.

Prezident sammit yakuniy deklaratsiyasidagi kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish uchun aniq mas’ullar, resurslar va muddatlar ko‘rsatilgan rejalarni ishlab chiqish muhimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur ikki kunlik anjumanda O‘zbekiston birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etib, nutq so‘zlaydi.

Shuningdek