Davlat xaridlarida 10,2 trln sömlik qoidabuzarlik aniqlandi

Hisob palatasi 2026-yilning dastlabki 9 oyida ötkazgan auditlari davomida 2 trln sömlik moliyaviy xatoliklarni aniqladi. Yana 4,8 trln sömlik hujjatlar huquqiy baho berish uçun huquqni muhofaza qiluvçi organlarga yuborildi. Bu haqda Hisob palatasining 2026-yilning 9 oyidagi faoliyati yakunlari yuzasidan ötkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Davlat xaridlarida 10,2 trln sömlik qonunçilik talablari buzilgan
Hisob palatasi töqqiz oyda jami 84 ta audit ötkazgan, ulardan 46 tasi masofadan amalga oşirilgan. Tekşiruvlarda davlat xaridlari sohasida 10,2 trln sömlik qonunçilik talablari buzilgani aniqlangan.
Şuningdek, 222,3 mlrd sömlik holatlar böyiça mansabdor şaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Aniqlangan kamçiliklarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga körsatmalar yuborilgan.
Budjetga 250,2 mlrd söm undirildi
Xarajatlar böyiça 2 trln sömlik moliyaviy xatoliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish çoralari körilgan. Şuningdek, 4,2 trln sömlik xarajatlar maqbullashtirilgan va 23,6 mlrd sömlik noqonuniy xarajatlarning oldi olingan.
Bugungi kunga qadar 250,2 mlrd söm budjetga undirildi. Qolgan mablağlarni qaytarish böyiça işlar davom etmoqda.
Daromadlar böyiça esa 1,6 trln sömlik qöşimça soliq va majburiy tölov manbalari aniqlangan. Şundan 656,3 mlrd sömi budjetga undirildi.
Sun’iy intellekt yordamida 15 mlrd sömlik qonunbuzilish holatlari oldi olindi
Hisob palatasining Masofaviy nazorat markazi 9 oyda 17,1 trln sömlik risklarni bartaraf etgan va 90 mlrd sömlik kamçiliklarning oldini olgan.
«Masofaviy audit» tizimida beshta yönaliş böyiça sun’iy intellektdan foydalanish avtomatlaştirildi. Hisob palatasi ma’lumotiga köra, bu tizim yordamida 115 mlrd sömlik qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.
Auditlar yakunida tizimli muammolarni hal qilish uçun 20 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini işlab çiqish taklif etilgan. Hozirga qadar ularning 4 tasi qabul qilingan.