Yangi alifboga ötiş tartibi belgilandi: hujjatlar almaştirilmaydi

Özbekistonda yangilangan lotin alifbosini davlat idoralari, ta’lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari va boşqa sohalarda joriy etiş tartibi işlab çiqildi. Amaldagi pasport, ID-karta, haydovçilik guvohnomasi va mulkka egalik hujjatlarini alifbo özgargani sababli almaştiriş talab etilmaydi.
Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan jamoatçilik muhokamasiga qöyilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida ma’lum qilindi.
Loyiha 2026-yil 21-oktabrda qabul qilingan qonun ijrosini ta’minlaşga qaratilgan. Unga köra, lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosidagi tört harf yangilangan: O‘ — Ö, G‘ — Ğ, Sh — Ş va Ch — Ç.
Eski pasport va guvohnomalar almaştiriladimi
Qaror loyihasiga köra, amaldagi ID-kartalar, xorijga çiqiş pasportlari, haydovçilik guvohnomalari va avtomobil texnik pasportlarini majburiy almaştiriş talab etilmaydi.
Avvalgi alifboda rasmiylaştirilgan şaxsiy va mulkiy huquqlarni tasdiqlovçi hujjatlar ham öz yuridik kuçini saqlab qoladi.
Qonun kuçga kirganidan keyin yangi beriladigan hujjatlar yangilangan alifboda tayyorlanadi. Biroq eski alifboda bosilgan blankalardan 2028-yil 1-yanvargaça foydalanişga ruxsat etilişi nazarda tutilmoqda.
Şuningdek, domen nomlari, elektron poçta manzillari, loginlar, hisobvaraqlar va şartnoma raqamlarini ham majburiy özgartiriş talab qilinmaydi.
Milliy valyuta va qimmatli qoğozlardagi eski harflar ham ularning amal qilişiga tösqinlik qilmaydi.
OAV va davlat idoralari yangi alifboga ötadi
Loyihada qonun kuçga kirganidan söng davlat idoralarining rasmiy hujjatlari va yozişmalarini yangilangan alifboda yuritiş belgilangan.
Şuningdek, gazeta, jurnal, internet naşrlari va boşqa ommaviy axborot vositalarida tarqatiladigan materiallar yangi alifboda tayyorlanişi nazarda tutilmoqda.
Çora-tadbirlar dasturida OAVning 2027-yil 1-yanvardan yangilangan alifboda töliq işlaşini ta’minlaş rejalaştirilgan.
Maktab darsliklari qaçon yangilanadi
Maktab darsliklari 2027 – 2031-yillarda bosqiçma-bosqiç yangi alifboga ötkaziladi. Birinçi sinf darsliklarini 2027/2028-öquv yilidan yangilangan alifboda joriy etiş rejalaştirilmoqda.
Şuningdek, öqituvçilar uçun maxsus öquv kurslari taşkil qilinadi. Yuqori sinf öquvçilarini baholaşda yangi imloga moslaşiş davri uçun vaqtinçalik yengilliklar işlab çiqilişi ham nazarda tutilgan.
Bankomatlar va mobil ilovalar ham moslaştiriladi
Davlat xizmatlari portallari, jumladan, MyGov va OneID tizimlari yangi alifboga moslaştiriladi.
Banklar, tölov taşkilotlari, soliq va bojxona organlarining dasturlari, mobil ilovalari hamda bankomatlaridagi özbekça yozuvlar ham yangilanişi kerak.
Bundan taşqari, Android, iOS, Windows va macOS tizimlarida yangi harflarni qulay yoziş uçun yagona klaviatura standartini işlab çiqiş rejalaştirilmoqda.
Köça yozuvlari va mahsulot yorliqlari qaçon özgaradi
2027-yildan boşlab aeroportlar, vokzallar, metro, avtobus bekatlari va yöl körsatkiçlaridagi yozuvlar bosqiçma-bosqiç yangi alifboga moslaştiriladi.
Mahsulot qadoqlari va yorliqlarida esa 2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgaça eski hamda yangi alifbodan birgalikda foydalanişga ruxsat beriş taklif etilgan.
2028-yil 22-apreldan yangi buyurtma asosida çop etiladigan qadoqlarda yangilangan alifbodan foydalaniş majburiy bölişi, eski qadoqlaş materiallari zaxirasidan esa 2029-yil 22-aprelgaça foydalanişga ruxsat berilişi rejalaştirilgan.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi 2026-yil 6-dekabrga qadar jamoatçilik muhokamasida böladi.
Eslatib ötamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan takomillaşgan özbek lotin alifbosiga ötgani haqida xabar bergan edik.