Muomaladagi banknotlarni almaştiriş talab etilmaydi — MB

Özbekistonda hozir muomalada bölgan barça banknot va tangalar öz qiymatini saqlab qoladi. Ularni yangi lotin alifbosi joriy etilişi munosabati bilan almaştiriş talab etilmaydi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
2027-yil 19-fevraldan naqd pul muomalasiga oid yangi normativ hujjat kuçga kiradi. Unga köra, kelgusida muomalaga çiqariladigan yangi banknot va tangalardagi yozuvlar yangilangan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosida bölişi kerak.
Markaziy bankning tuşuntirişiça, 19-fevral yangi pul belgilarini muomalaga çiqariş yoki amaldagi pullarni almaştiriş sanasi emas. Bu faqat yangi normativ hujjat kuçga kiradigan kun.
Eski banknotlardan foydalaniş mumkinmi
Markaziy bank amaldagi barça banknot va tangalar öz qiymatini saqlab qolişini bildirdi.
Kelgusida yangi pullar çiqarilgan taqdirda ham hozirgi banknot va tangalardan dökonlar, bozorlar va boşqa savdo nuqtalarida avvalgidek foydalaniş mumkin böladi.
Şu sababli fuqarolardan pullarni almaştiriş yoki bu borada qöşimça harakatlarni amalga oşiriş talab etilmaydi.
Yangi pullar haqida oldindan xabar beriladi
Markaziy bank yangi banknot va tangalar muomalaga çiqarilişidan kamida bir hafta oldin bu haqda rasmiy axborot berişini bildirdi.
Eslatib ötamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi banknot haqida aholi bir hafta oldin xabardor qilinişi haqida yozgan edi.