O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi ish boshladi

eʼlon qilindi

U Javlon Vahobovni o’rniga keldi

O‘zbekistonning AQShdagi yangi elchisi Furqat Sidiqov Davlat departamenti Protokol bo‘limi boshlig‘i Rufus Giffordga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda o‘zbekistonlik diplomat Twitterdagi sahifasida ma’lum qildi.

«Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi uzoq yillik va mustahkam ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan samarali muzokaralar oʻtkazdik», — deyiladi xabarda.

Sidiqovning elchi lavozimiga nomzodi joriy yilning mart oyi boshida Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan edi. Bu lavozimga tayinlangunga qadar u O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Sidiqov, shuningdek, 2015-2020-yillarda O‘zbekiston Respublikasining Pokistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bo‘lgan.

O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonasining avvalgi rahbari Javlon Vahobov edi. OAV xabarlariga ko‘ra, u tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning iyul oyida AQSh Senati Jonatan Xenikni O‘zbekistondagi elchi lavozimiga tasdiqlagan edi.

Shuningdek