O‘zbekistonda qancha nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari bor

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Respublika bo‘yicha 10296 maktablar bo‘lib, ularning 383 tasi nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari
Foto: catalog-skidki.ru

Mamlakatimizda ertamizning egalarining taʼlimiga eʼtibor yuqori. Ammo xususiy maktablardagi narx-navo qanday? Xususiy maktablardagi taʼlim tizimi qaysi tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi?

Hozirgi kunda Respublikamizdagi nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining soni 383 tani tashkil qilmoqda. Shulardan 249 ta maktab viloyatlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining infratuzilmasi, sharoitlari hamda joylashgan joyidan kelib chiqqan holda ularning narxlari ham bir-biridan farq qiladi. Masalan, viloyatlarda kamida oyiga 500 ming so‘m dan 2 mln so‘mgachani tashkil etgan holda, Toshkent shahrida bu summa ko‘proq yaʼni 3 mlndan boshlab 5-10 mln so‘mgacha. Bu narxlar bozor iqtisodiyoti hamda talab va taklif qonunlaridan kelib chiqqan holda tadbirkorlarning o‘zlari tomonidan belgilanadi.

Narxlarni o‘zlari belgilashgan bo‘lishsada, lekin Nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlarining litsenziya talablari va shartlarini bajarishi ustidan nazorat Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, vazirlik tizimidagi hududiy boshqarmalar tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari faoliyatini tashkil qilish jarayonida davlat tomonidan bir qator imtiyozlar taqdim qilingan. Xususan, soliq, kredit masalalarida bir qator imtiyozlar mavjud.

Nodavlat umumiy orta taʼlim faoliyatini tashkil qilish dastlabki sharti litsenziya olish hisoblanadi. Litsenziya olishning talab va shartlari Vazirlar Mahkamasining «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida» 2022-yil 21-fevraldagi 80-sonli qarorida belgilangan.

Nodavlat umumiy o‘rta taʼlim tashkilotlari belgilangan tartibda davlat taʼlim standartlari asosida ishlab chiqilgan, litsenziyada ko‘rsatilgan o‘quv reja va dasturlari asosida taʼlim jarayonlarini tashkil etadi. Bundan tashqari qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil etilishi mumkin.

Taʼlim sohasidagi faoliyatlar bir nechta soliqlardan imtiyozga ega.

Bular:

Soliq kodeksi 243-moddasining 10-bandiga asosan o‘qitish (taʼlim) sohasidagi xizmatlar qo‘shilgan qiymat solig‘idan to‘liq ozod etiladi.  

Soliq kodeksining 337-moddasida ijtimoiy sohada faoliyatni amalga oshiruvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘i stavkasi 0% qilib belgilangan. Soliq kodeksining 59-moddasida taʼlimga oid xizmatlar ijtimoiy sohaga oidligi belgilab qo‘yilgan.

Soliq kodeksining 428-moddasiga asosan taʼlim tashkilotlari yer solig‘idan ham ozod etilgan.

Taʼlim tashkilotlari Soliq kodeksining 414-moddasiga asosan mol-mulk solig‘idan ham ozod etilgan.

Shu va shu kabi imtiyozlarga ega xususiy maktablarning ahamiyati qanday? Mamlakatimizda taʼlim tizimining rivojlanishi, yoshlarning sifatli taʼlim olishi, taʼlim tashkilotlari o‘rtasidagi sog‘lom raqobatni rivojlantirish masalasida Nodavlat taʼlim tashkilotlari muhim o‘rin egallaydi. Jahon tajribasidan ham maʼlumki, nodavlat taʼlim tashkilotlari sonining ko‘p bo‘lishi mamlakatda taʼlim tizimining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasining 50-moddasida ham davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishi davlat tomonidan taʼminlanishi konstitutsion norma sifatida belgilab qo‘yildi.

Avvalroq, «Kursiv» bo‘lajak o‘qituvchilar bepul o‘qishi haqida yozgan edi.

Shuningdek