O‘zbekiston lizing bozorida qanday muammolar mavjud

eʼlon qilindi
O‘zbekiston Lizing Uyushmasining yig‘ilishida ko’rib chiqildi

2023 yil 2 avgust kuni videoaloqa orqali 2023 yilning 1-yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan O‘zbekiston Lizing Uyushmasining yig‘ilishi o‘tkazildi. Uyushma raisi Zafar Mustafayev o‘z taqdimotida lizing sohasining muammolarini qayd etib o‘tdi.

Foto: AndrewLozovyi / www.depositphotos.com

Uning so‘zlariga ko‘ra, mijozlar o‘rtasida lizing to‘lovlarini to‘lamaslikning holatlari ko‘paygan. Bundan tashqari, bozorda resurslarning yetishmasligi va ularning narxining oshishi mavjud. Shu bilan birga mamlakatda xamyonbop avtomobillar taqchilligi bor. Zafar Mustafayev lizing bozorida tijorat banklarining ulushi kamayib borayotgani ham qayd etgan.

Uyushma hisobotiga ko’ra, lizingga qurilish texnikasi va uskunalarini taqdim etish ko‘rsatkichlari pasayib, 5,6% ni tashkil qildi. Yarim yillik yakuni bo‘yicha lizingga beriladigan obyektlar orasida qishloq xo‘jalik texnikasi yetakchilik qilmoqda. Uning umumiy lizing bitimlari tuzilmasidagi ulushi 36% ni tashkil qildi. Ikkinchi o‘rinda texnologik uskunalar – ularning ulushi 26,5% ni, avtotransport ulushi esa 26% ni tashkil qildi. Lizingga ko‘chmas mulkni taqdim etish bilan bog‘liq bitimlar hajmi 5,9% ni tashkil qildi.

2023 yilning 1-yarim yilligi yakunlari bo‘yicha respublika lizing xizmatlari bozorida 39 ta lizing beruvchi bo‘lib, ularning 11 tasi banklar hisoblanadi. Hisobot davrida lizing amaliyotlarining umumiy portfeli 6 trln. 61 mlrd. so‘mni tashkil qildi. Shuningdek, hisobot davrida lizing beruvchilar tomonidan 4204 ta yangi lizing bitimi tuzildi, ularning hajmi 1 trln. 814 mlrd so‘mni tashkil qildi, bu o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirganda 86,9% ga ko‘p.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda lizing beruvchilari orasida Uzbek Leasing International A.O. AJ (326,1 mlrd. so‘m), Mikro Leasing MCHJ XK (280,1 mlrd. so‘m), O‘zagrolizing AJ (242,5 mlrd. so‘m), Trast Leasing MCHJ (205,7 mlrd. so‘m) va Fincom Leasing Group (166,0 mlrd. so‘m) bozorning yirik ishtirokchilariga aylandi.

2023 yilning 1-yarim yilligi davomida amalga oshirilgan yangi lizing bitimlarida hududlar orasida Toshkent shahri eng katta ulushga ega bo‘lib — 27,1%. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni esa Toshkent viloyati va Andijon viloyati mos ravishda 18,3% va 8% bilan egallab oldi.

Avvalroq Kursiv O‘zbekistonda 2022-yilda yangi lizing bozori hajmi uch yil ichida birinchi marta pandemiyadan oldingi 2019-yildagidan oshib ketganini yozgan edi. Shu bilan birga, soha haydovchisi ham o‘zgardi: lizingning eng ommabop predmeti qishloq xo‘jaligi texnikasi emas, balki avtotransport vositalaridir.

Shuningdek