Poytaxt ijara uylarning narxi ko‘tariladimi yana?

eʼlon qilindi
“Kursiv” yangi o‘quv yili boshidan Toshkent ijara uylar bilan bog‘liq muammolarga yuzlandi.

2023/2024 o‘quv yili boshlanish arafasida. Kechagina mandat natijalarini intiqlik bilan kutgan bugungi talabalar oldida yana bir «ko‘lami keng» muammo turibdi – turar joy masalasi. Biroq, ijara uy izlashga majbur va mahkum talabalar bugun bir qator to‘siqlar bilan yuzlanmoqda desak, adashmaymiz. Tabiiyki, har yili sentyabr oyida ijara uylarning narxi o‘zgaradi – pasayadi, ko‘tariladi, biroq eng kam stavkalaridan farq qiladi. «Kursiv» mavzu yuzasidan savollar bilan Toshkent shahrida rieltorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga yuzlandi.

Manba: Roman Fedotov/ Kursiv

Hozirda uy bozorlariga ehtiyoj oldingidek deyolmaymiz. Yuqori texnika-texnologiya asrida bir qator onlayn-platformalar uy izlashdek mushkulot yechimini topib beradi. Har kim ehtiyoji, mablag‘i va shart-sharoitidan kelib chiqib, o‘ziga to‘g‘ri kelgan variantlardan tanlab olaveradi. Istasa, «rieltor» xizmatidan foydalanadi, istamasa uyning o‘z egalari bilan kelishib olaveradi.

Bu yilgi narxlarning o‘tgan yilgi narxlardan farqi, yaʼni qimmatlash(a)dimi yoki yo‘qmi?

Ko’chmas mulk bo’yicha mutaxassis Abror Zohidov: «Ayni paytda narxlar o‘tgan yilgiga nisbatan taxminan 10 %ga tushgan. Masalan, o‘tgan yili bu paytda rossiyaliklar omili juda kuchli bo‘lgan edi. Odatda yoz oylarida ijara narxi nisbatan tushadi. O‘tgan yoz rossiyaliklar taʼsirida (narxlarda) keskin ko‘tarilish kuzatilgandi. Hozirda bir xonali uylarning narxi deyarli o‘zgarmagan – 250-300$ narxga muammosiz topsa bo‘ladi. Ikki xonali uylar 350$ va undan yuqori narxlanadi».

Ko’chmas mulk bo’yicha mutaxassis Fayzullo Yakhyoyev: «Narxlar yildan yilga qimmatlashib bormoqda. Sabab poytaxtda taʼlim oluvchilar, ishlovchilarning soni ortib bormoqda. Bugungi kunda metro yaqinidagi ikki xonali uy 450-500$ atrofida».

Narxlarni belgilashda nimalar inobatga olinadi?

Abror Zohidov: «Odatda, ijara uylarni narxini belgilashda avvalo uyning joylashgan manzili, shart-sharoiti, bozordagi holati inobatga olinadi».

Fayzullo Yakhyoyev: “Narxlar belgilanishida bir qancha omillar mavjud: metroga yaqin yoki uzoqligi, uyning koʻrinishi – sharoiti (!), uyning jihozlanishi».

Umuman olganda, narxlar arzonlashib-ko‘tariladigan mavsum bormi bizda?

Abror Zohidov: «Ijarada ham mavsum bor, odatda avgust oxiri sentyabr boshi bilan narxlar ko‘tariladi. Ular eng arzon variantlarni olishgandan keyin o‘z-o‘zidan qimmatlari qoladi – “Talab-taklif» qonuni. Toshkent shahri va yirik shaharlarda qish oylarida narx oshadi, chunki katta shaharlarda kommunal taʼminot nisbatan yaxshi, yaʼni svet-gaz yaxshiroq, qishloqlardan qishlash uchun odamlar kelishadi. Talab oshadi, talabga asosan narxlar ham oshadi”.  

Fayzullo Yakhyoyev: «Narx oshishida oʻrtadagi vositachilarni (makler) oʻrni ham yuqori. Bugungi kunda ular “kvartira»ning 1 oylik ijarasini yarim (50 foizi) miqdorida ijaraga oluvchidan haq oladi. Aslida u ijara beruvchi va oluvchidan teng olishi kerak, axir ikki tarafning ham xojatini chiqaradi. Qolaversa, ular faqat bir taraf ijaraga beruvchi tomonning manfaatlari uchun xizmat qiladi. Natijada «kvartira» narxi sezilarli tarzda oshib bormoqda”.

Nega ijaraga uy beradiganlar talabalarni qo‘yishni istamaydi?

Abror Zohidov: «Talabalarni qo‘yishmasligining asosiy sababi aslida juda katta. Ko‘pchilik “talabalarning puli yo‘qligi sabab qo‘yilmaydi». Bunday emas, aniqlik yo‘q. Misol uchun, Siz 4 ta talabani qo‘ymoqchisiz uyga. Shu 4 nafar talabadan 200$ daromad qilmoqchisiz, muddati kelganda pul olishga borsangiz, kamida ikki kishi bo‘lmaydi. Eʼtiroz ham bildirolmaysiz, chunki puli bori beryapti, yo‘g‘i yo‘q. Yana bir jihati, talabalar hech qachon aytilgan odam sonicha yashamaydi, to‘rt kishi desa, albatta olti kishi bo‘lib yashamoqchi bo‘lishadi”.

Fayzullo Yakhyoyev: «Yana bir jihat borki, ijaraga beruvchilar oʻgʻil bola talabalar va yosh bolasi bor oilaga uy berishni xush koʻrishmaydi. Baʼzan boshqa toifadagi ijarachilarga qaraganda 50$ qimmatroq ham narx aytishadi. Sababi oʻgʻil bollar tozalikka rioya qilmasliklari, natijada turli xil zararkunanda bosib ketishi va turli xil yomon odatlar (ichish, chekish) sababli berishni istashmasa. Yosh bolali oilaga esa, bolalar devorga chizib tashlashi, stol-stullarning buzilishi kabi sabablar bilan berishni xohlashmaydi».

Avvalroq, ko’chmas mulk bozori 4 foizga o’sgani haqida yozilgan edik.

Shuningdek