Pokiston Xitoy orqali Markaziy Osiyoga tovar jo‘natmoqchi

eʼlon qilindi
Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridori doirasida

Pokistonning Milliy Logistika Markazi (NLC) Xitoy–Pokiston iqtisodiy koridori (CPEC) flagman loyihasi doirasida Xitoy orqali Markaziy Osiyo mamlakatlariga quruqlikdagi yo‘nalishlarni ochishga harakat qilmoqda, dedi NLC bosh direktori Farrux Shahzod Rao.

Foto: AlexelA / www.depositphotos.com

«Biz Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori istiqbollarini ro‘yobga chiqarish uchun Pokistondan Markaziy Osiyoga, ayniqsa Xitoy orqali quruqlik yo‘llarini ochishga harakat qilmoqdamiz», dedi u Xitoyda bo‘lib o‘tgan xizmatlar savdosi bo‘yicha xalqaro savdo yarmarkasi (CIFTIS) doirasida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, NLC Qashg‘ardan (Shinjon) Karachiga savdo yo‘li ochishga va Xitoyning logistika kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar tashkil etishga muvaffaq bo‘ldi.

Farrux Shahzodning ta’kidlashicha, kengroq kontekstda kompaniya birinchi marta Afg‘oniston orqali O‘zbekiston va Tojikistonga savdo poyezdlarini jo‘natayapti.

Avvalroq, Islomobodda Pokiston, O‘zbekiston va Afg‘oniston O‘zbekistonni Pokiston temir yo‘l tarmog‘iga ulash bo‘yicha protokol imzolagan edi.

Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridori XXR tomonidan Pokistonda amalga oshirilayotgan 62 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari paketidir.

Shuningdek