Fuqarolar shaharsozlik loyihalari bo‘yicha ovoz berishlari mumkin bo‘ladi

eʼlon qilindi
Ushbu platforma orqali shaharsozlik hujjatlari va master rejalari bo‘yicha fikr bildirishi hamda ovoz berishi mumkin bo‘ladi

O’zbekistonda 2024-yil 1-iyulgacha «Mening hududim» elektron platformasi ishlab chiqiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev qaror imzoladi. Platformada aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi.

Foto: SergeyNivens / depositphotos.com

Hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning 3 darajasi belgilandi.

Birinchi darajada hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi O‘zbekiston hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi ishlab chiqiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari, Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Ikkinchi darajada shahar(cha)lar va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning bosh rejalari ishlab chiqiladi. Shu bilan birgalikda, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ishlab chiqiladi.

Uchinchi darajada hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi. U shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan batafsil rejalashtirish loyihalari bo‘ladi.

Xabarga ko‘ra, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz Davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi.

Avvalroq, «Kursiv» Mirziyoyevga Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi namoyish etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek