10-oktabr kuni O‘zbekiston yaqinda zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi.

Yordam yig‘ish va jo‘natish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida tashkil etildi.
Og‘irligi 100 tonna bo‘lgan yuk tarkibida oziq-ovqat (un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar), chodirlar, ko‘rpa-to‘shak va dori-darmonlar bor.
Posilka Hirotga My Freighter yuk aviakompaniyasining Boeing-747 samolyotida jo‘natildi.
Eslatib o‘tamiz, 7-oktyabr kuni Afg‘onistonda 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan edi. Mamlakat g‘arbida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatida 2 mingdan ortiq aholi halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar ro‘yxatida 9 mingdan ortiq kishi bor.
8-oktabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayonot berib, zilzila qurbonlarining oila a’zolariga hamdardlik bildirdi.