Istanbulda sayohat qanchaga tushadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
“Kursiv” jurnalisti Bosfor sohilidagi shaharda dam olish qanchalik qimmat ekanligini tekshirdi

Kuz ayni sayohat qilish uchun qulay fasl. Bu davrda yozning issiq jaziramasi va qishning sovuq havosi bo‘lmaydi. Bu davrda sayohat qilishga qulay mamlakatlardan biri Turkiya. Turkiyaga sayohat qilish bir kishiga o‘rtacha qanchaga tushadi?

Foto: Gulnoza Amirova

Avvalo, borish-qaytish biletini xarid qilish kerak. Biletning narxi 5 yarim milliondan 9 millionga qadar. Safardan uzoqroq muddatda olingan, shuningdek bir necha kun qolgandagi biletlar nisbatan arzonroq bo‘ladi.

Foto: Shaxnoza Xalikova

Maʼlumotlarga ko‘ra, Istanbulga borish uchun eng arzon davr fevral oyiga to‘g‘ri keladi. Mehmonxona borasida Istanbul sizga cho‘ntagingizga mos bir qancha variantlarni taklif etadi. Lekin oldindan bron qilinmagan taqdirda joylashish qiyin.

Barcha qulayliklarga ega mehmonxona narxlari 1 hafta uchun 6 million so‘mdan boshlanib 15 million so‘mgacha boradi.

Otel va hostellarda bu narx ancha arzon bo‘lib, o‘rtacha 2,5 million so‘mdan boshlanadi. Sharoiti va manziliga qarab 4 milliongacha bo‘lgan oraliqda.

Albatta 1 haftalik sayohatga kelgan odam, avvalo borib ko‘rishi mumkin bo‘lgan joylarda Istanbulda anchagina.

Foto: Shaxnoza Xalikova

Buyuk adalar oroli

Ular orasida muzeylar, kinoteatrlar, tarixiy joylar, dengiz bo‘yi kabi joylarni sanab o‘tish mumkin.

Shahzodalar orollari Marmara dengizidagi arxipelag bo‘lib, to‘qqizta kichik oroldan iborat bo‘lib, Istanbulning Adalar deb nomlangan maʼmuriy tumaniga tegishli.

Bugungi kunda Istanbuldan borish mumkin bo‘lgan eng yaxshi va mashhur yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. U yerga faqatgina paroxod orqali borish mumkin. Orolning o‘zida esa mashinalarni umuman uchratmaysiz. Bu yer toza havosi, sukunat va go‘zal tabiati bilan turistlarni o‘ziga jalb qiladi. Istanbuldan u yerga borish va qaytish 100 turk lirasi bo‘ladi.

Tabiiyki, orolda ovqatlanish Istanbulga nisbatan qimmatroq. O‘rtacha kishi boshiga 200-250 TL sarfladik. Agar alohida plyaj qismida dam olishni istasangiz bu ham qo‘shimcha 200 TL bo‘ladi. Lekin, istasangiz, shunchaki dengiz bo‘yida ham suzishingiz mumkin. Ammo plyaj qismidan farqli u yo‘lning yuzi va atrof ochiq.

Navbatdagi kurort zonalardan biri bu Bodrum. Istanbuldan Bordrumga kemada borish-kelish 100 lirani tashkil qiladi. Ammo bu yerda ham ovqatlanish nisbatan qimmatroq.

Turkiya bo‘ylab sayohat

Turkiyada taksilar ancha qimmat. Ayniqsa sizning mehmon ekaningizni bilishsa, ayyorgarlikda o‘zimizning shofyorlardan qolishmaydi.

Jamoat transportlaridan avtobus, metro va metrobus bo‘lib, ularda yurish sezilarli arzonga tushadi. 9,99 lira va metrodagi safaringiz esa 19,99 TL bo‘ladi (Mahalliy aholisi va «kimlik» hujjatini olganlar uchun metrodan chiqqanda 4 lira qaytarib olishlari mumkin).

Foto: Shaxnoza Xalikova

Turkiya tarixiy joylarga boy mamlakat. Tarixiy hududlarni aylanish, muzeylar bo‘ylab sayrning ham o‘z bahosi bor. Sultonahmet maydoni. Istanbulga sayohatga kelgan har bir turist borib ko‘radigan joy. Bu yerda sayr qilish bepul. Shuningdek, musulmonlar kirib namoz o‘qishi uchun sharoit bor. Lekin turistik zona bo‘lgani uchun boshqa joylarda 5 lira bo‘lgan suvni bu yerdan 15-25 lira olishga tayyor bo‘lishingiz kerak.

Uning yonida Aya Sofia joylashgan bo‘lib, atrof turli muzeylarga to‘la. Har bir muzeyga kirish pulli. Avvalo, uzun navbatda turib maxsus karta olishingiz va yana navbatda turib muzey(lar)ga kirishingiz mumkin. Juma kuni soat 14:30 gacha yopiq bo‘ladi.

Turkiya tarixiga qiziquvchilarning ko‘pligidan muzeyga kirish uchun uzun navbatda turish kerak. Ertaroq kirishni istasangiz VIP karta olishngiz va maxsus yo‘lakdan ham kirishingiz mumkin.

Topkapi saroyi. Istanbulning eng go‘zal yerlaridan biri Usmonli sulolasi 400 yil yashagan Topkapi saroyidir. Ulkan va haybatli zal bo‘ylab yurib, qasr tagidan topilgan suv omborini ko‘rish mumkin. Marmar ustunlar va u yerga suvning qanday kirganini ko‘rish uchun minglab insonlar sayohat qilishadi. Saroyga kirish narxi 750 lira. Eslatib o‘tamiz, Topkapi saroyi seshanba kuni yopiq bo‘ladi.

Turk taomlari

Turkiya azaldan mazali taomlari va shirinliklari bilan mashhur. Shuningdek, har bir oshpazning taomni chiroyli qilib, shou qilib berishi bilan mashhur.

Ovqatlari tanlagan restaran va hududning markaziy ko‘cha ekaniga qarab qimmatlashib boradi. Dengiz bo‘yi mamlakatda dengiz mahsulotlari bizga nisbatan arzon.

Bozorlarida ham bizga notanish turli meva va dengiz mahsulotlari serob. To‘g‘ri tayyorlay olsangiz, bozordan xarid qilish ancha arzonga tushadi.

Istanbul bo‘ylab sayohat o‘rtacha 800-1000 dollar atrofida mablag‘ ketadi. Tanlagan mehmonxona va boradigan restoranlarning qimmatligiga qarab narx o‘zgarib boradi.

Shuningdek