27-oktabr, juma kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 36,6 mingta xonadon va 4 mingta xususiy uyda 28-oktabr, shanba kuni soat 20:00 gacha gaz o‘chirildi. Bu haqda «Hududgaz Poytaxt» xabar berdi.
Gaz 2.19 massiv, «Anorzor», «Shaxriston», «Kulolqo‘rg‘on», «Turkiston», «Bobodehqon», «Obod» mahallalari hamda Registon, Mirzaahmedov, Moyqo‘rg‘on ko‘chalari va 4-mavzeda bo‘lmaydi.
Shuningdek, Toshkent shahrining Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida yettita ulgurji iste’molchi va sakkizta yoqilg’i shoxobchalarida gaz o‘chiriladi.
«Otchopar», «Yunusobod», «Posira», «Xiyobontepa», «Bodomzor», «Shilva», «Firdavsiy», «Yangitarnov», «Mirzo Ulug‘bek», «Buyuk Turon», «Bo‘zsuv», «Iftixor», «Jomiy», «Turkqo‘rg‘on», «Yangi Ariq», «Shirin», «Minor», «Matonat» mahallalaridagi xususiy uylar va kvartiralarda gaz bosimi vaqtincha pasaytiriladi.
Gaz ta’minoti 17-shahar kasalxonasi, 63-maktab, 51-poliklinika hamda «Bukhoro», «Shohsaroy», «Billur», «Oqsaroy», «Kulol Nur», «Marvarid», «Anjir», «Samara», «Fayz», «Turkiston» va «Yunusobod» kafelarida, shuningdek, AQSh elchixonasi binolari, «Shifo Nur» klinikasi, Korzinka doʻkonlar tarmogʻi, Garnent va Velara mehmonxonalarida ham pasayadi.
Sergeli tumani hokimligining xabar berishicha, 27-oktabr, «Uchuvchilar» mahallasida ham gaz ta’minoti to‘xtatilgan. Bu hududda gaz soat 16:00 gacha yoqiladi.
Avvalroq, «Kursiv» Turkmaniston Rossiya gazining O‘zbekiston va Xitoy bozorlarida bo‘lishiga qarshi emasligi haqida yozgan edi.