O‘zbekiston G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligiga (UNRWA) 1,5 million dollar ajratadi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasidagi loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda aytib o‘tdi.
«Maʼlumki, Isroil armiyasi va Xamas harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmoqda.Bolalar va ayollar halok bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda.»
U harbiy mojaroda jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.
«Biz Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan taʼziya va hamdardlik izhor etamiz. Men G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim».
Shuningdek, u Falastin xalqi bilan birdamligini e’lon qildi.
«Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qatʼiy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz».