Yangiliklar

Yong‘inga qarshi kurash bo‘yicha a’lo tadbirkor 100 million so‘m oladi

Tanlov keyingi yildan bo‘lib o‘tadi
Foto: Boytaro1428 / depositphotos.com

Hukumat qarori bilan O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida «Yong‘in xavfsizligi a’lochisi» nominatsiyasi bo‘yicha tanlov o‘tkaziladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

G‘olib 100 million so‘m miqdorida pul mukofoti va 2 yilga davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirishdan ozod etiladi.

Qonunga ko‘ra, «Yong‘in xavfsizligi a’lochisi» tanlovi O‘zbekistonda yong‘in chiqish xavfi bo‘yicha I va II guruhga mansub obyektlarga ega bo‘lgan tadbirkorlar o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Mazkur tanlov obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlash sifatini oshirish, tadbirkorlar e’tiborini ushbu muhim mavzuga jalb etish maqsadida 2024-yildan boshlab har yili oktabr-dekabr oylarida o‘tkaziladi. Nomzodlar tanlov e’lon qilingan kundan boshlab 20 kun ichida Favqulodda vaziyatlar vazirligining maxsus elektron axborot tizimi orqali ariza topshirishlari mumkin.

Tanlov tuman (shahar) miqyosida saralash bosqichidan boshlab, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida nomzodlarning hujjat va materiallarini ko‘rib chiqish va yakuniy bosqichga qadar bir necha bosqichda o‘tkaziladi.

Avvalroq, «Kursiv» Yashnobod tumanida kuchli yong‘in sodir bo‘ldi, deb e’lon qilgan edi.