Gazprom O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish uchun yangi yo‘nalishlarni qidirmoqda

eʼlon qilindi
Kompaniya yoqilg‘ining O‘zbekiston orqali uchinchi davlatlarga tranzit qilinishni ham rejalashtirmoqda
Foto: Piqsels

Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytirish uchun yangi yo‘nalishlarni ko‘rib chiqmoqda. Yoqilg‘ini, jumladan, Qozog‘iston hududidan o‘tuvchi Buxoro-Ural gaz quvuri orqali tashish imkoniyatlari muhokama qilinmoqda.

Gaz yetkazib berishni Rossiya konserni rahbari Aleksey Miller va Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar muhokama qildi, deb xabar berdi «TASS».

Gazprom 2025-yildan kechiktirmay O‘zbekistonga yoqilg‘i yetkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, kompaniya gaz tranzitini O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston orqali uchinchi davlatlarga ham yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston 2024-yil o‘rtalarida gaz sanoati sohasida uzoq muddatli hamkorlik bo‘yicha shartnoma tuzishi mumkin. Uch tomonlama shartnoma 15 yilga imzolanadi.

Gazprom 7 oktabr kuni Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz tranzitini boshladi. Yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish marosimida Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston prezidentlari Vladimir Putin, Qosim-Jo‘mart To‘qayev va Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

2023-yil oxirigacha O‘zbekiston Rossiyadan kamida 800 million kub metr gaz olishi kerak. Yillik yetkazib berish hajmi 2,8 milliard kub metrni tashkil qiladi.

Buxoro-Ural gaz quvuri 1966 yilda ishga tushirilgan. Uning uzunligi 4,5 ming km dan ortiq boʻlib, yiliga 8 milliard kubometr gaz oʻtkazish quvvatiga ega.

Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekistonda 2023-yilning yanvar-oktyabr oylarida gaz qazib olish 9,5 foizga kamaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek