Yangiliklar

Farg‘ona gaz quyish shoxobchasida tez yordam mashinalari tirbandligi yuzaga keldi

Vaziyatga Sog'liqni saqlash vazirligi izoh berdi
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Farg‘ona viloyatida gaz quyish shoxobchalaridan birida tez tibbiy yordam mashinalari saf tortdi, deb xabar berdi «Daryo.uz» sog‘liqni saqlash boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib.

Avvalroq, foydalanuvchilar navbat suratlarini internetda tarqatgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 6-dekabr kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazi Farg‘ona filialiga qarashli Toshloq tuman tez tibbiy yordam stansiyasidan 5 ta tez tibbiy yordam mashinasi Toshloq tumanidagi gaz quyish shoxobchasi yopilganligi sababli Marg‘ilon shahridagi «Universal grant» yoqilg‘i quyish shoxobchasiga borgan.

Boshqarma ma’lumotlariga koʻra, ayni vaqtda Margʻilon shahar vokzaliga tegishli tez tibbiy yordam mashinalari yoqilgʻi quyish shoxobchasiga yetib kelgan. Oqibatda tibbiyot xodimlariga alohida yo‘lak ajratilganiga qaramay, gaz quyish shoxobchasida avtomobillar tirbandligi yuzaga kelgan.

Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, yoqilg‘i quyish shoxobchalari xodimlariga nisbatan chora ko‘rilgan va ularga ogohlantirish berilgan.

Avvalroq, Uznetda poytaxtdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalarida gaz yo‘qligi haqida ma’lumot tarqalgan edi.