Samarqandda tadbirkordan pora talab qilgan ikki nafar soliqchi besh yilga qamaldi

eʼlon qilindi
Ular tadbirkorning soliq va penya qarzdorligini kamaytirib berish evaziga 1000 dollar talab qilishgan
Foto: Zamon

Samarqandda pora evaziga tadbirkorning soliq va penya qarzdorligini kamaytirib bermoqchi boʻlgan ikki nafar soliqchi besh yilga qamaldi. Bu haqida «Zamon» informatsion dasturida maʼlum qilindi.

Samarqand tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi Bulungʻur tumanida tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqarodan korxonasining soliq bazasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad va ijtimoiy soliqlardan asossiz hisoblangan qarzdorlikni kamaytirish evaziga 1000 AQSh dollari berishini talab qilgan.

U tadbirkorning 300 million soʻmga yaqin soliq va penya qarzdorligini kamaytirishda Bulungʻur tumani soliq inspeksiyasi kameral soliq tekshiruvlari shuʼbasi boshligʻi lavozimida faoliyat olib boruvchi tanishini oʻziga sherik qilib olgan.

Shuʼba boshligʻi esa korxonaning soliq bazasidagi 281 mln soʻm soliq qarzdorligini taxminan 277 mln soʻmga kamaytirib bergan va 15 mln soʻm penya hisoblangani haqidagi maʼlumotni, shuningdek xizmat haqini oʻtkazib berishi uchun oʻziga tegishli plastik karta raqamini hamkasbiga yuborgan.

Soliqchi koʻrsatilgan «xizmat» evaziga tadbirkordan 500 dollar olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudida oʻtkazilgan sud majlisida soliq xodimlariga hukm oʻqildi va ularning har ikkisi ham JKning 210-moddasi (Pora olish) 2-qismi «v» bandi bilan aybdor deb topilib, 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda uch nafar futbol hakami pora uchun umrbod chetlashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek