Bloomberg: Oq uy Rossiyaga tegishli muzlatilgan aktivlarning bir qismini musodara qilmoqchi

eʼlon qilindi
AQShda Rossiyaning jami 300 milliard dollarga yaqin aktivlari muzlatib qoʻyilgan
Foto: Depositphotos

Oq uy milliy xavfsizlik kengashi Rossiyaning Qoʻshma Shtatlardagi muzlatilgan aktivlarining bir qismini musodara qilish fikrini qoʻllab-quvvatladi. Bu haqida Bloomberg nashri xabar berdi.

«Qonun loyihasi ijrochi hokimiyatga Rossiyaning suveren aktivlarini Ukraina foydasiga musodara qilish uchun zaruriy vakolatlarni taqdim etadi», – deyiladi xabarda.

AQShda Rossiyaning jami 300 milliard dollarga yaqin aktivlari muzlatib qoʻyilgan. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressda Respublikachilar partiyasi aʼzolari Ukraina uchun 60 milliard dollardan koʻp mablagʻ ajratishga toʻsqinlik qilganlaridan keyin shu qarorga kelgan.

Bayden maʼmuriyati ushbu masala boʻyicha «Katta yettilik» mamlakatlarining rahbarlari bilan maslahatlashish niyatida. Bundan tashqari, Yevropada ham Rossiyaning 200 milliard dollarga yaqin aktivlari muzlatib qoʻyilgan.

AQSH maʼmuriyatining yuqori martabali vakillaridan biri agentlik bilan suhbatda mamlakat hukumati shu tariqa Rossiyani Ukrainaning urush ortidan koʻrgan zarari uchun badal toʻlashga majbur qilmoqchi. Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, Ukrainani qayta tiklash uchun eng kamida 411 milliard dollar kerak boʻladi.

Shuningdek