Oʻzbekistonda misni qayta ishlash quvvati 140 ming tonnaga yetkaziladi
Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish toʻgʻrisidagi Prezident qaroriga muvofiq, Oʻzbekistonda mis xomashyosini qayta ishlash quvvati 2024-yilda 140 ming tonnaga yetkaziladi.
Kelgusi yili ushbu koʻrsatkichni 150 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2024-yilda 30,8 trillion, 2025-yilda esa 38 trillion soʻmga yetkazish nazarda tutilgan. Joriy yilda eksport hajmini 1,5 milliard dollar, 2025-yilda 2 milliard dollarga yetkazish belgilangan.
Elektrotexnika sanoatini rivojlantirish maqsadida 3 yillik imtiyoz davri bilan 10 yil muddatga 100 million dollar miqdorida kredit liniyasi ochiladi.
Avvalroq, «Kursiv» Oʻzbekistonga maishiy texnika vositalarini import qilishga oid yangi qoidalar belgilangani haqida yozgandi.