17 yoshli qiz bolalar ombudsmaniga majburiy nikohdan shikoyat qildi

eʼlon qilindi
Yigit qizning ota-onasi bilan oʻzaro kelishib olgan va uning roziligisiz unashtiruv marosimi oʻtkazilgan
Foto: Bolalar ombudsmani matbuot xizmati

Shahrisabzda yashovchi 17 yoshli talaba qiz bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonovaga oila aʼzolari tomonidan majburan turmushga berilishi mumkinligi masalasida shikoyat qildi. Bu haqida bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, 2006-yilda tugʻilgan va ayni vaqtda universitetning 1-bosqichida tahsil olayotgan M.M.ga bir necha yillik tanishi O.V. tomonidan turmushga chiqishga undash harakatlari bilan turli shaklda bosim oʻtkazib kelingan. Yigit qizning ota-onasi bilan oʻzaro kelishib olgan va uning roziligisiz unashtiruv marosimi oʻtkazilgan.

Qiz esa ombudsmanga oʻqishni davom ettirish niyatida ekanligini maʼlum qilgan.

Holat prokuratura va ichki ishlar organlari tomonidan tezkor ravishda oʻrganib chiqildi. Murojaatchi qizga himoya orderi taqdim etildi va uning xavfsizligini taʼminlash uchun kerakli choralar koʻrildi.

Qizning ota-onasi va fuqaro O.V. esa ayolni turmushga chiqishga majburlash jinoiy javobgarlikka asos boʻlishi haqida ogohlantirilgan.

Avvalroq, «Kursiv» Qoraqalpogʻistonda ombudsman 100 nafardan ortiq mahkumning 186 million soʻmga yaqin maoshini undirib bergani haqida yozgandi.

Shuningdek