Yangiliklar

Navoiy va Surxondaryoda 1,5 milliard soʻmlik kredit oʻzlashtirilgani aniqlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan
Foto: Prokuratura Departamenti

Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi. Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, departamentning Navoiy viloyati boshqarmasiga «Biznesni rivojlantirish banki» AT Navoiy filialidan murojaat kelib tushgan. Bank filiali tomonidan «D.Q.» MCHJga qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish maqsadida 800 mln soʻm kredit ajratib berilgan. MCHJ masʼul shaxslari esa kredit mablagʻlarini shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborishgan.

Xuddi shu kabi holat Surxondaryoda ham qayd etilgan. «Xalq banki» Uzun filiali «U.A.» xususiy korxonasi uchun aylanma mablagʻlarni toʻldirish maqsadida 741,3 mln soʻm kredit ajratgan. Korxona rahbari K.Sh. va boshqa bir nechta fuqarolar uni maqsadsiz ishlatib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Ayni vaqtda holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Avvalroq, «Kursiv» firibgarlar tomonidan oʻgʻirlangan pullar jabrlanuvchiga qaytarilgani haqida yozgandi.