Shavkat Mirziyoyev Shenchjendagi biznes-forumdagi nutqida nimalar haqida gapirdi

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Tadbirda Xitoyning yirik kompaniyalarining 600 ta vakillari ishtirok etdi
Foto: Prezident matbuot-xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tgan sarmoya forumida ishtirok etdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Xitoyning China Energy, China CAMC Engineering, Gezhouba Group, BYD Auto Industry, ZTE kabi yirik kompaniyalarining 600 nafar vakili ishtirok etdi. Bundan tashqari, Xitoy taraqqiyot banki, Davlat taraqqiyot banki va Xitoyning Eksim banki rahbarlari bor edi.

Shavkat Mirziyoyev nutqi avvalida barcha ishtirokchilarni qutlar ekan, shuningdek, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muvaffaqiyatli muzokaralar olib borilgani, Urumchi shahrida birinchi hududlararo forum va sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkazilgani – ularda muhim sarmoyaviy shartnomalar tuzilganini ta’kidladi.

Soʻngra OʻzR rahbari Oʻzbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish, bozor mexanizmlarini joriy etish borasidagi islohotlar haqida gapirdi. Yuqori texnologiyali sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish, «sanoat ipoteka»sini yo‘lga qo‘yish, bank va korxonalarni xususiylashtirishni jadallashtirish haqida so‘z bordi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini sanab o‘tdi. Ular orasida infratuzilma va sanoat sohasidagi sarmoyaviy loyihalar, qishloq xo‘jaligiga ilg‘or xitoy texnologiyalarini jalb etish, «yashil» energiya va xususiylashtirish jarayonlarida hamkorlik qilish kabilar bor edi.

Mirziyoyev Eksport-import banki vakolatxonasining ochilishi va «Ipak yoʻli» jamgʻarmasi bilan yangi Investitsion platforma yaratilishi sezilarli natijalar beradi, deb hisoblaydi.

«Yana bir yangilik. Har bir xitoylik hamkorga loyihalar boshidan oxirigacha hamrohlik qiluvchi investitsiya menejeri tayinlanadi. Ular kompaniyalaringiz loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishida yangi imkoniyatlar yaratishiga qat’iy ishonamiz» – dedi prezident.

Biznes forumi yakunida energetika, neft-gaz, tog‘-kon, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, transport va logistika sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarning katta to‘plami imzolandi.

«Yo‘l xarita»si ishlab chiqilib, har bir loyihaga mas’ul menejerlar biriktiriladi.

Yakunda O‘zbekiston rahbari har yili Guandun investitsiya forumini tashkil etishni ilgari surib va navbatdagi yig‘ilishni Samarqandda o‘tkazishni taklif qildi.

Avvalroq, «Kursiv» O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva Pekinda Xitoyning birinchi xonimi Pen Liyuan bilan uchrashib, xayriya ishlari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilgani haqida e’lon qilgan edi.

Shuningdek