Janubiy Koreyada noqonuniy migrantlar O‘zbekiston fuqarolari fevral oyi oxirigacha deportatsiya qilmasdan mamlakatni tark etishlari mumkin, deb xabar qildi O‘zR Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Buning uchun chiqib ketishdan 3 ish kuni oldin Immigratsiya xizmatiga borib, ketish to‘g‘risida ixtiyoriy ariza to‘ldirish, pasport va aviachipta taqdim etish zarur.
Agentlikning taʼkidlashicha, ushbu imkoniyatdan foydalangan Oʻzbekiston fuqarosi yana Janubiy Koreyaga kelishi mumkin. Deportatsiya qilinsa, bunday imkoniyatdan mahrum bo‘ladi.
2023-yilda Janubiy Koreyada 87,6 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 27 foizga ko‘pdir. O‘sha davrda Janubiy Koreya oliy o‘quv yurtlarida mamlakatimizning 12,5 ming nafardan ortiq aholisi tahsil olgan.
2024-yilda O‘zbekiston hukumati Koreyaga ishlash uchun 100 ming kishini yuborishi kutilmoqda. Ularning bir qismi korxonalarda E-9 mehnat vizasi bilan ishlaydi.
Avvalroq, «Kursiv» POSCO International Textile kompaniyasi Farg‘ona viloyatida koreys tilini o‘rganish markazi ochgani haqida yozgan edi.