Oʻzbekiston va Rossiya Qoraqalpogʻistonning Qoraoʻzak tumanidagi Tebinbuloq konida metallurgiya klasterini ishga tushirish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda, deb xabar qildi Rossiya sanoat va savdo vazirligi.
Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturov Oʻzbekiston vakillari, xususan, Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjaev bilan bu masalani muhokama qildi.
Tebinquloq konining taxminiy zaxiralari 1 milliard tonnadan ortiq rudani tashkil qiladi. 2024-yilda uning hududida shu nomdagi kon-metallurgiya kombinati ishga tushirilishi kutilmoqda.
Rossiya tomoni Buxoro viloyatida gaz-kimyo majmuasi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati negizida misni qayta ishlash zavodini ishga tushirishdan ham manfaatdordir.
Shuningdek, Manturovning tashrifi davomida bir qator ikki tomonlama shartnomalar, xususan, «Rossiya temir yoʻllari» va «Oʻzbekiston temir yoʻllari» oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yoʻl xaritasi ham imzolandi.
Eslatib oʻtamiz, 19-fevral, dushanba kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Manturov bilan boʻlajak «Innoprom. Markaziy Osiyo». Koʻrgazmasini muhokama qilgan edi.
Avvalroq «Kursiv» Oliy Majlis spikeri Nuriddin Ismoilov va Rossiya Federatsiya kengashi raisi Irina Matvienko parlamentlar oʻrtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgani haqida yozgan edi.