2024-yil oxirigacha O‘zR’ning har bir viloyat markazida, Nukus va Toshkent shaharlarida og‘ir gematologiya va onkologiya kasalliklariga chalingan bemorlarga xizmat ko‘rsatish uchun kamida bittadan xospis ochiladi.
Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan «O‘zbekiston-2030» davlat dasturida aytilgan.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi xospislarni qo‘llab-quvvatlash loyihalari uchun grantlar ajratadi.
Eslatib o‘tamiz, davlatimiz rahbari yig‘ilishda dastlabki bosqichda aniqlangan har bir onkologiya holati uchun tibbiyot guruhlariga bonuslar berilishini aytgan edi. Tashabbus 1-maydan Qashqadaryoda, respublikaning boshqa hududlarida esa 2025-yildan boshlab amalga oshiriladi.
Avvalroq, «Kursiv»Qarshi shahrida 50 o‘rinli xospis ochilishi haqida xabar bergan edi. U yerda onkologik va gematologik kasalliklarga chalingan bemorlar yordam olishlari mumkin bo‘ladi.