OKX kriptobirjasi Oʻzbekistondan kirgan foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatishni toʻxtatadi. Bu haqdagi xabar savdo platformasi veb-saytida eʼlon qilindi.
OKX Oʻzbekiston fuqarolarini 15-mart Toshkent vaqti bilan soat 05:00 ga qadar barcha ochiq pozitsiyalarni yopishga, shuningdek, 30-mart soat 05:00 ga qadar aktivlarini yechib olishga chaqirdi.
«Mablagʻlar foydalanuvchi yechib olmaguncha hisob raqamda saqlanib qoladi», — deyiladi xabarda.
OKX — butun dunyo boʻylab 50 milliondan ortiq odamga xizmat koʻrsatadigan global kriptovalyuta birjasi hisoblanib, Birjaga Star Syuy tomonidan 2017-yilda asos solingan.
Eslatib oʻtamiz, 2022-yil avgust oyidan boshlab Istiqbolli loyihalar milliy agentligi mamlakatimizda faoliyat yuritish uchun litsenziyasi yoʻqligi sababli Binance, FTX va boshqa xorijiy kriptobirjalarga kirish huquqini cheklab qoʻygan edi. Agentligining reestriga koʻra, 2024-yil 26 fevral holatiga koʻra, Kobea Group va Coin Pay tegishli ruxsatga ega.
Avvalroq «Kursiv» Binance Oʻzbekistonda jarima toʻlamagani uchun sudga tortilishi haqida maʼlum qilgan edi.