Davlat qarzining YaIMga nisbati sezilarli darajada oshishi va byudjet zaxiralaridan foydalanish Oʻzbekiston reytingiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Bu haqda Fitch direktori va reyting tahlilchisi Arvind Ramakrishnan 6-mart kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan Fitch on Uzbekistan anjumanida ma’lum qildi.
Yana bir xavf — tashqi moliya ahvolning sezilarli darajada yomonlashuvi, xususan, pul oʻtkazmalari hajmining sezilarli va doimiy qisqarishi yoki savdo taqchilligining oshishi, bu esa valyuta zaxiralarining sezilarli darajada qisqarishiga olib keladi.
Oʻzbekiston reytingiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgan omillar qatorida makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash, YaIMning yuqori oʻsish istiqbollarini saqlab qolish va byudjet koʻrsatkichlarini yaxshilashga xizmat qiluvchi tarkibiy islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani ham bor.
Shuningdek, reytingning yaxshilanishiga uzoq muddatli byudjet konsolidatsiyaga boʻlgan ishonch ham hissa qoʻshadi, bu esa oʻrta muddatli istiqbolda davlat qarzining barqarorligini oshiradi.
Eslatib oʻtamiz, fevral oyi oxirida Fitch Oʻzbekiston respublikasining uzoq muddatli IDR reytingini (chet el valyutasida emitent defolti) barqaror prognoz bilan «BB-» darajasida tasdiqlagan edi.