Xorijda mehnat faoliyatini olib borilayotgan fuqarolarga bir qancha imtiyozlar joriy qilindi

eʼlon qilindi
Bu haqda prezident farmoni imzolandi
Foto: Mixail Voskresenskiy / RIA Novosti

Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga oid prezident farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 1-iyundan «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida roʻyxatdan oʻtgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga kompensatsiya toʻlanadi. Shu jumladan, xorijiy tillar yoki kasb boʻyicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshiririb, sertifikat olinganda – BHMning 3 baravarigacha miqdorda. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 5 baravarigacha miqdorda. Yoʻl chiptasini xarid qilish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash uchun – BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya toʻlanadi.

Xorijda zo‘ravonlik, majburiy mehnat va diskriminatsiyaga uchragan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan O‘zbekiston fuqarolari advokat, yuridik xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlarning xarajatlari qoplanadi.

2024-yil 1-sentyabrgacha mehnat migrantlariga yordam koʻrsatish uchun tun-u kun ishlaydigan Call-markaz faoliyati tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun Call-markaz raqamiga qoʻngʻiroqlarni bepul asosda amalga oshirish imkoni yaratiladi.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslar va ularning oila aʼzolari bepul tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Farmonga muvofiq 2024-yil 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming soʻmdan subsidiya toʻlanadi. Bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar mustasno.

Subsidiya 2024-yil 1-iyundan 2026-yil 1-yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan toʻlanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida roʻyxatdan oʻtkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya toʻlash uchun asos boʻlib hisoblanadi.

Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shugʻullanib, yashash manziliga qaytib kelganligiga bir yildan koʻp vaqt boʻlmagan shaxslar tushuniladi.

Avvalroq «Kursiv» oʻzbekistonliklar Vengriyaga ishga taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek