Qozogʻistonga ishlash maqsadida borayotgan oʻzbekistonliklar ogohlikka chaqirildi

eʼlon qilindi
Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi ma'lum qildi
Foto: happyalex/Depositphotos

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozogʻistonga ishlash maqsadida borayotgan va mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini ogohlikka chaqirdi.

Ma’lum boʻlishicha, soʻnggi vaqtlarda ishlash maqsadida Qozogʻistonga borgan yoki mehnat faoliyatini olib borayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga oʻzini elchixona yoki konsulxona vakili sifatida tanishtirib, hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ulardan pul va pasportlarini olish holatlari kuzatilmoqda.

«Yurtdoshlarimizdan bunday firibgarlarga ishonmaslik va shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarni begonalarga bermaslikni soʻraymiz hamda ishlash yoki vaqtincha yashash ruxsatnomalarni olish uchun fuqaroning shaxsan oʻzi Aholiga xizmat koʻrsatish markazlariga (SON) murojaat etish zarurligini eslatamiz», deyiladi agentlik xabarida.

Shuningdek, oʻzini «diplomatik vakolatxona xodimiman» deb tanishtirgan shaxslarga duch kelgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasining Qozogʻistondagi diplomatik vakolatxonalariga (Ostona shahrida: +8 (7172) 95-45-87, Olmaota shahrida: +8 (727) 390-26-16, Aqtau shahrida: +8 (729) 277-71-17) yoki ko‘rsatilgan raqamlarga murojaat qilish soʻraldi.

Avvalroq «Kursiv» xorijda qancha oʻzbekistonlik mehnat migrantlari ishlayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek