Toshkent aeroportida yuk terminali quriladi. Yiliga 120 ming tonna yuk o‘tkazish quvvatiga ega majmua 5,2 gektar maydonda joylashadi. Ayni paytda uning dizayni ustida ish nihoyasiga yetdi, qurilish ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Joriy yil oxiriga qadar umumiy maydoni 8 ming kv.m boʻlgan yangi yuk terminali foydalanishga topshiriladi. Bunga ma’lum bir harorat rejimini saqlashni talab qiladigan tovarlar uchun maydoni 500 kv.m bo‘lgan sovitish va muzlatish kameralari kiradi. Shuningdek, import/eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlari va vakillari uchun maydoni 3 ming kv.m boʻlgan yangi maʼmuriy bino quriladi.
Ikkinchi bosqichda 2025-yil oxiriga qadar 12 ming kv.m maydonga ega yangi yuk omborini qurish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Bunga umumiy maydoni 1 ming kv.m boʻlgan, har xil harorat sharoitlariga ega boʻlgan yangi zamonaviy sovitish va muzlatish qurilmalari qurilishi kiradi.
«Hozirda 1994 – 2000-yillarda qurilgan yuk terminali umumiy maydoni 3 gektarga yaqin bo‘lgan 20 ga yaqin eskirgan kichik va o‘rta ombor va ma’muriy binolardan iborat. Yuk terminalining o‘tkazish quvvati hozirda yiliga 30 ming tonnani tashkil etadi. Biroq 2024-yilda taxminan 67 ming tonna yuk va pochta jo‘natmalari kutilmoqda. Bularning barchasi yuk terminalini kengaytirish va modernizatsiya qilish zaruratidan dalolat beradi», deya ta’kidladi «Uzbekistan Airports Cargo».
Avvalroq «Kursiv» Accor xalqaro mehmonxona operatori Toshkent aeroporti yaqinida mehmonxona ochishini yozgan edi.