Yangiliklar

Reuters: BMT Bosh Assambleyasi Falastinni tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilishi mumkin

Biroq Isroil bunga qarshi
Rasm: demerzel21/Depositphotos

10-may kuni BMT Bosh Assambleyasi Falastinni tashkilotga a’zo davlat sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiya loyihasiga ovoz berishni rejalashtirmoqda, deb yozadi Reuters.

Hujjatda, shuningdek, Xavfsizlik Kengashini «ushbu masalani ijobiy tarzda qayta ko‘rib chiqish»ga chaqiruvchi tavsiyanoma ham bo‘ladi.

Reuters agentligi bilan suhbatda diplomatlar Bosh Assambleya, ehtimol, Falastin davlatini tan olgan hujjatni qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan rezolyutsiyaga qarshi chiqdi. U Falastinni tan olish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda Qo‘shma Shtatlar tashkilot faoliyatini moliyalashtirishni to‘xtatishiga umid bildirdi.

BMT uzoq vaqtdan beri ikki davlat g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab keladi. Falastinliklar G‘arbiy Sohilda, Sharqiy Quddusda va G‘azo sektorida – 1967-yilgi janglarda Isroil tomonidan bosib olingan barcha hududlarda davlat yaratishini istaydi.

Avvalroq «Kursiv» o‘tgan yilning dekabrida O‘zbekiston yana Falastin va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatishga ovoz bergani haqida yozgan edi.