Magistratura va doktoranturaga qabul qilishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi sertifikat talabiga o‘zgartishlar kiritildi. Bu haqda bugun, 8-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinadi.
Shuningdek, soha xususiyatidan kelib chiqib madaniyat, san’at, sport, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ishlab chiqarish, muhandislik ishi, qishloq xo‘jaligi, veterinariya, arxitektura va qurilish, fizika va tabiiy fanlar, transport xizmatlari yo‘nalishlari bo‘yicha sertifikat talabi bir pog‘ona pastga, ya’ni B1 darajasiga tushiriladi.
Sertifikat talabi xorijiy tillar yo‘nalishlarida C1 darajada, aniq fanlar, biologiya, matematika, huquq, jurnalistika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va iqtisodiyot yo‘nalishlarida B2 darajada saqlanib qolinadi.
Avvalroq «Kursiv» ta’lim granti asosida tahsil olgan bitiruvchilarning 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinishi haqida xabar bergan edi.