Oʻzbekistonlik 150 ming nafar fuqaro daromadi yuqori mamlakatlarga ishga yuboriladi

eʼlon qilindi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati ham isloh qilinadi
Foto: Alla Serebrina/Depositphotos

150 ming kishini daromadi yuqori boʻlgan xorijiy mamlakatlarga yuborish rejalashtirilmoqda. Bu tashabbus Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida mehnat migratsiyasi masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ma’lum qilindi.

Buning uchun yetarli malakaga ega boʻlmagan Oʻzbekiston fuqarolari oʻqitiladi hamda xorijlik ish beruvchilarning talablari boʻyicha tayyorlanadi.

Bundan tashqari, respublikada Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi faoliyati ham isloh qilinmoqda. Fuqarolarni xorijga ishlashga tashkiliy va xavfsiz joʻnatish, oʻz vataniga qaytgan Oʻzbekiston fuqarolarini ishga joylashtirish ustuvor vazifa hisoblanadi.

Qaytgan Oʻzbekiston fuqarolariga Sayxunobod tajribasidan kelib chiqib, tomorqalarida mahsulot yetishtirish va tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishda moddiy yordam koʻrsatiladi.

Yigʻilishda mamlakatimizning barcha hududlarida «Xorijda ishlash mahalladan boshlanadi» tizimi joriy etilishi ta’kidlandi.

Davlat rahbari migratsiya boʻyicha yagona axborot platformasini yaratish va uni «Mahalla yettilik» tizimi bilan integratsiya qilish zarurligini ta’kidladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda mehnat migrantlari uchun 24 soatlik Call-markaz ishga tushishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek