Yangiliklar

Xitoy kompaniyasi Oʻzbekistonda ikkita shamol elektr stansiyasini quradi

Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori imzolandi
Foto: Unsplash

Universal Energy (Xitoy) kompaniya Samarqand va Jizzax viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan ikkita shamol elektr stansiyasini quradi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qarori imzolandi.

Loyihaning pudratchilari Universal Energy shuba korxonalari Peak Wind Alpha va Peak Wind Beta boʻladi. Bu hududlarda elektr stansiyalaridan tashqari elektr uzatish liniyalari ham quriladi. Har bir loyihaga $250 million sarmoya kiritiladi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning mart oyida davlat rahbari Qoraqalpogʻistonda 500 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish toʻgʻrisidagi qarorni imzolagan edi.

Avvalroq «Kursiv» Toshkent investitsiya forumida ACWA Power kompaniyasi bilan Qoraqalpogʻistonda shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha $6,2 milliardga kelishuvga erishilgani haqida xabar bergan edi.