Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotining (JST) 2026-yil Kamerunda boʻlib oʻtadigan sammitiga qadar tashkilotga a’zolik jarayonini yakuniga yetkazishni maqsad qilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayevning soʻzlariga tayanib xabar bermoqda.
JST davlatlararo koʻp tomonlama savdo tizimini muvofiqlashtirib turuvchi nufuzli xalqaro tuzilma hisoblanib, unga a’zo boʻlgan 166 ta davlat jahon savdosining 97 foizini tashkil qiladi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston oʻz qonunchilik normalarini JST talablariga muvofiqlashtirgan.
JST O‘zbekistonga nima uchun kerak?
2024-yil may oyi boshida Toshkentda xalqaro investitsiya forumi boʻlib oʻtdi. Uning doirasida respublikaning JSTga kirishi masalasi muhokama qilindi. Tashkilotga a’zo bo‘lish zarurligi haqida gapirar ekan, O‘zbekiston prezidentining JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov panel muhokamasida ikkita sababni keltirdi.
«Aniq narsa shundaki, JSTga a’zo boʻlgan 166 ta davlat jahon savdosining 97 foizini tashkil qiladi. Ushbu tashkilotning mandati tufayli uning a’zolari o‘zaro halol va adolatli savdo-sotiqni amalga oshiradilar», dedi u.
Nomoddiy ta’sirni baholar ekan, prezidentning maxsus vakili ishtirokchi mamlakatlarning raqobatbardoshligi oshgani haqida gapirdi. Bu ham iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi va sanoatning yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishiga imkon beradi.
Jahon bankidagi yo‘nalishlardan biri rahbari Antonio Nusifora o‘z nutqida Jahon banki tadqiqoti haqida gapirdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ikki barobar, yalpi ichki mahsulot esa 20 foiz tezroq o‘sishi kerak.
Bunday xulosalar tashkilotga qo‘shilganidan so‘ng iqtisodlari o‘sgan boshqa mamlakatlar misollari bilan tasdiqlanadi.
«Kambodja misolida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar 2007-yildan 2014-yilgacha 600 foizga oshganini koʻrsatadi», dedi Antonio Nusifora.
Uning aytishicha, dunyo mamlakatlari o‘zgarishlarni his qilmoqda. Jahon banki vakili Kambodjadan tashqari Xitoy, Ekvador, Iordaniya, O‘mon, Vyetnam va Panama haqida ham gapirdi.