Oʻzbekistonda elektr va gaz iste’moli kamaydi

eʼlon qilindi
Bu haqda Energetika vaziri ma'lum qildi
Foto: Pavel_Lysenko / depositphotos.com

1-maydan 29-maygacha elektr energiyasi iste’moli oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 324 million kVt/soatga kamaygan. Bu haqda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov «Oʻzbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan aholi orasida abonentlar soni 160 mingdan ortiqqa oshgan, shuningdek, ishlab chiqarish korxonalari soni ham ortgani ta’kidlandi.

«Quyosh va shamol elektr stansiyalarida 970 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 700 million kVt/soatga koʻpdir», deydi Joʻrabek Mirzamahmudov.

Shuningdek, Energetika vazirining ta’kidlashicha, import qilgan elektr energiyamiz hajmi kamaygan hamda elektr energiyasini ichki iste’molchilarni toʻliq ta’minlagan holda eksport qilish imkoniyatiga ega boʻldik.

«Xuddi shu tendensiyani gazda ham koʻrsa boʻladi. Umumiy abonentlar sonining oshishi bilan bir qatorda may oyining 29 kunida iste’mol 125 million kub metrga kamaydi. Kunlik iste’molga qaralsa, issiqlik elektr stansiyalarida rejadagidan koʻra 5−6 million kub metr gaz, shuningdek, 2 baravar kam koʻmir yoqilyapti», deydi Mirzamahmudov.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 1-maydan elektr energiyasi va gaz narxi oʻzgargan edi.

Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston O‘zbekistondagi kichik atom elektr stansiyasi loyihasiga izoh bergani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek