O‘zbekistonda oltita davlat kompaniyasidan eksklyuziv huquqlarning bir qismi bekor qilinadi. Mazkur chora mamlakatning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishini tezlashtirishga qaratilgan.
Prezident farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan boshlab «Oʻzmetkombinat» AJning respublika hududida qora metall lomi va chiqindilarini tayyorlash (xarid qilish) huquqi, «Oʻzikkilamchiranglimetall» AJning respublika hududida rangli metall lomi va chiqindilarini tayyorlash va eksport qilish huquqi hamda «Oʻztreyd» AJning konsignatsiya shartlarida oziq-ovqat uni va bugʻdoyni, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xoʻjaliklari mahsulotlarini bank kafolatlari yoki siyosiy va tijorat xavflaridan eksport shartnomalarini sugʻurtalash polislarini taqdim etmasdan eksport qilinadigan mahsulotlarni savdo uylari manzillariga tushirish huquqi bekor qilinadi.
«Oʻzkimyoimpeks» MCHJ «Oʻzkimyosanoat» AJ tashkilotlari kimyoviy mahsulotlari eksporti hamda ularning ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, xomashyo va materiallar importini amalga oshirishdagi yagona agent huquqini yo‘qotadi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan boshlab «O‘zGazTrade» AJ tabiiy gazning markazlashtirilgan eksporti va importi bo‘yicha yagona operatorlik faoliyatini to‘xtatadi, «O‘zenergosotish» AJ esa markazlashtirilgan tartibda elektr energiyasini eksport va import qilish huquqi bekor qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda qaysi kompaniyalar IPO va SPOga qo‘yilishi haqida yozgan edi.