Oʻzbekistonda bir qator davlat kompaniyalari eksklyuziv huquqlardan mahrum qilindi

eʼlon qilindi
JSTga a'zo bo‘lish yo‘lida
Foto: Olivier26 / www.depositphotos.com

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qator davlat kompaniyalarining iqtisodiy faoliyat olib borish boʻyicha eksklyuziv huquqlarini bekor qilish toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida ma’lum qildi.

«Ushbu hujjat erkin bozor yaratish uchun amalga oshirilayotgan choralarning uzviy davomi boʻldi. U mamlakat Rahbariyatining jiddiy va murakkab islohotlar yoʻlida shaxdam qadam tashlayotganini koʻrsatadi», deyiladi xabarda.

Uning qoʻshimcha qilishicha, mazkur hujjat sanoatning ayrim tarmoqlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochadi. Bularga: metallni qayta ishlash, energetika, kimyo sanoati va telekommunikatsiyalar kiradi.

Farmon Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo boʻlish jarayoni doirasida qabul qilingan.

Mirziyoyeva qaysi davlat kompaniyalari haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi. Lekin Telegram blogerlari orasida «Oʻzvtortsvetmet», «Oʻzmetkombinat», «Oʻzkimyoimpeks», «Oʻztreyd», «Oʻzenergosotish», «OʻzGazTrade» kabi tashkilotlar eksklyuziv huquqlardan mahrum qilingani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda.

JST jahonda savdoni liberallashtirishga qaratilgan xalqaro tashkilot boʻlib, yangi savdo kelishuvlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi. Shuningdek, imzolangan hujjatlarga rioya etilishini nazorat qiladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston 2026-yilgacha JSTga a’zo boʻlishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek