Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lish uchun nimadan boshlash kerak
O‘zR Davlat soliq qo‘mitasi (DSQ) ma’lumotlariga ko‘ra, 1-may holatiga O‘zbekistonda 274,7 ming yakka tartibdagi tadbirkor (YaTT) ro‘yxatga olingan. Ularning 83,5 foizi yagona daromad solig‘ini to‘laydi. Tadbirkorlarning yana 15,5 foizi aylanmadan olinadigan soliq, 1 foizi QQS to‘laydi.
YaTT sifatida faoliyatini amalga oshirish va biznes boshlash uchun nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida «Kursiv» muxbiri «1000 ta millioner» klubi va «Rich Aroma» parfyumeriya kompaniyasi asoschisi Asadbek Ashurovdan javob oldi.
O‘zbekistonda YaTTlarning aksariyati chakana savdo bilan shugʻullanadi (131,4 ming). Tadbirkorlarning 23 ming nafari hunarmand, 28,4 ming nafari maishiy xizmat koʻrsatish hamda 91 ming nafari boshqa sohalarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Birinchi bosqich
«Oilaviy tadbirkor, yakka tartibdagi tadbirkor yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat (MChJ) – bu faqat soliq yukini kamaytirish maqsadida tanlangan biznes turi. Agar siz soliq yukini minimal darajaga tushirmoqchi bo‘lsangiz, faqat bitta o‘zingiz ishlab, ishchilar sonini kamaytirmoqchi boʻlsangiz unda YaTT eng qulay turi hisoblanadi», deydi Asadbek Ashurov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, agar siz yirik biznes bilan shug‘ullanish niyatida bo‘lsangiz, xodimlar soni 3-4 kishidan oshsa va daromadni oshirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, MChJ sifatida 2-3 kishidan boshlaganingiz ma’qul. Yoki aka-uka va ota-onangiz bilan oilaviy biznes boshlashingiz mumkin. Shunda soliq yuki kamroq bo‘ladi, soliq imtiyozlari ko‘proq bo‘ladi.
YaTTda esa ishchi soni kam, ya’ni koʻp holatlarda bundan yoshlar, yosh oilalar foydalanadi. Ular ham keyin ishchi sonini koʻpaytirib MCHJ qilishadi, dedi tadbirkor.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati hukumat qarorida keltirilgan. Roʻyxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.
Kimga to‘g‘ri kelmaydi
Agar biznes ko‘p kapital, investorlar va ko‘p sonli xodimlarni jalb qilishni o‘z ichiga olsa, YaTT shaklidagi biznesni yaratish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Yakka tartibdagi tadbirkor besh nafargacha xodimni yollashi mumkin.
Biznes boshlash uchun koʻnikma
Biznesmen – birinchi navbatda riskni boʻyniga oladigan va hamma narsaga tayyor turadigan inson boʻlishi kerak. Haqiqiy biznesmen risk qiladigan va riskni chegarasini olib tashlaydigan inson bo‘lishi lozim, deb hisoblaydi Ashurov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes boshlaydigan «yiqilsa turadigan» inson boʻlishi kerak. Chunki biznesda yoʻqotishlar va xatoliklar boʻladi, shuning uchun xatolardan qoʻrqmasdan yana qaytadan boshlashni bilishi kerak.
Rejali ishlarni tashkil qiladigan inson bo‘lishi, hamma narsani oldindan puxta reja qiladigan inson bo‘lishi zarur. Bundan tashqari, undan yaxshi g‘oyalar chiqishi lozim.
Yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lish uchun qanday qilib ro‘yxatdan o‘tish mumkin
YaTT faoliyatini tashkil qilish uchun Davlat xizmatlari agentligi markazlariga borish orqali yoki my.gov.uz yordamida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Tadbirkorlikni istagan shaxs ro‘yxatdan o‘tish uchun Davlat xizmatlari markaziga boradigan bo‘lsa, 340 ming so‘m miqdorida davlat boji to‘lashi kerak bo‘ladi. Agar tadbirkor elektron shaklda mustaqil ro‘yxatdan o‘tmoqchi bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 0,9 barobari (306 000 so‘m) to‘lashi kerak bo‘ladi.
YaTT qancha soliq to‘laydi?
I. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 mln so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig‘ini ikki xil usulda to‘lashadi:
1. Har oyda qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliq.
2. Tadbirkorlik faoliyatidan olingan haqiqiy daromadi bo‘yicha ushbu daromadlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar summasini chegirib tashlagan holda doimiy yashash joyidagi davlat soliq inspeksiyasiga deklaratsiya topshirish yo‘li bilan daromad solig‘ini to‘lashi mumkin.
II. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 mln so‘mdan oshgan, biroq 1 mlrd so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni (avvalgi yagona soliq to‘lovi) to‘lashga o‘tkaziladi.
Bunday tadbirkorlar ham ikki xil usulda soliqlarni to‘lashni tanlashi mumkin:
1. Kalendar yilida realizatsiya tushumi 100 mln so‘mdan oshganda, oshgan summadan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashi.
2. Kalendar yilida realizatsiya tushumi 100 mln so‘mdan oshganda, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash o‘rniga ixtiyoriy tarzda qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashni tanlashi mumkin.
III. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 1 mlrd so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tadi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun soliq turlari
Realizatsiya tushumlari miqdori | Soliq turi | Soliq stavkasi | Soliqlarni to‘lash tartibi |
100 mln so‘mgacha | Daromad solig‘i | 12% yoki qat’iy miqdordagi summada | Soliqlarni yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdordagi summada to‘lashni tanlashi mumkin |
100 mln so‘m dan 1 mlrd so‘m gacha | Aylanmadan soliq yoki QQS va foyda solig‘i | 4% yoki 15% | 100 mln so‘mdan oshgan summadan aylanmadan soliqni to‘lashga o‘tadi yoki QQS va foyda solig‘ini to‘lashga ixtiyoriy o‘tishi mumkin |
1 mlrd. so‘mdan ortiq | QQS va foyda solig‘i | Soliqlarni yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida yoki qat’iy belgilangan miqdordagi summada to‘lashni tanlashi mumkin. | QQS va foyda solig‘ini to‘lashga o‘tadi yoki foyda solig‘ini soddalashtirilgan tartibda to‘lashni tanlashi mumkin |
Shuningdek, soliqlarni yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga foyda solig‘ini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlashga huquqi berildi.
Bunda foyda solig‘ining soddalashtirilgan tartibdagi soliq bazasi jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor foyda solig‘ini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlaganda soliqni hisoblab chiqarish maqsadida xarajatlar hisobini yuritish majburiyatlaridan ozod qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» YaTT ish stajiga ega boʻlishi mumkinligi haqida e’lon qilgan edi.