Oʻzbekistonda yirik soliq toʻlovchilar uchun yangi mezonlar belgilab berildi

eʼlon qilindi
Bu haqda Soliq qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi
Foto: Davlat soliq qo‘mitasi

Oʻzbekistonda yuridik shaxslarni yirik soliq toʻlovchilar qatoriga kiritish mezonlari oʻzgardi. Bu haqda Soliq qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Ma’lum qilinishicha, yirik soliq toʻlovchilar aksiz toʻlanadigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va aksiz soligʻi toʻlanadigan xizmat koʻrsatuvchi korxonalardir. Endilikda qarorning mazkur bandiga «bundan alkogol va pivo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar mustasno», degan soʻzlar qoʻshildi. Bu bundan buyon ular yirik soliq toʻlovchilar sifatida tan olinmasligini anglatadi.

Shuningdek, tijorat banklari, sugʻurta tashkilotlari, tovar-xomashyo, fond va valyuta birjalari yirik soliq toʻlovchilar sifatida tasniflanishi mumkinligi e’tirof etildi.

Bundan tashqari, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ, «Olmaliq KMK» AJ, «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ va u tomonidan tashkil etilgan tashkilotlar yirik soliq toʻlovchilar toifasiga kiritildi.

Avvalgi tartibga koʻra, yirik soliq toʻlovchilar roʻyxatiga mahsulot (tovarlar, ishlar, xizmatlar) sotishdan tushgan sof tushumi oʻtgan kalendar yili yakuniga koʻra 100 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar kiritilgan. Endilikda bu mezon 735 BHMga, ya’ni 249,9 milliard soʻmga oʻzgartirildi (xodimlarning oʻrtacha yillik soni 10 kishidan kam boʻlmasligi kerak).

Paxta-to‘qimachilik klasterlari, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi
korxonalar, alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar bundan mustasno.

Shuningdek, mazkur qaror talablari qoʻyiladigan yirik soliq toʻlovchilarning roʻyxati har yili navbatdagi soliq davri boshlanishidan kamida 3 oy oldin Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilandi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonda TOP-20 yirik soliq toʻlovchilar haqida xabar bergan edi.

Shuningdek